Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi. BMTning mazkur organiga O‘zbekistondan birinchi marta vakil saylandi.
29-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya doirasida BMT Inson huquqlari qo‘mitasining 2025-2028-yillar uchun 9 nafar a’zosini saylash bo‘yicha saylov o‘tkazildi.
O‘zbekiston bilan birga 16 ta davlat – Burundi, Gruziya, Misr, Hindiston, Ispaniya, Kamerun, Kot-d’Ivuar, Litva, Marokash, Paragvay, Koreya Respublikasi, Shimoliy Makedoniya, Togo, Xorvatiya, Efiopiya va Janubiy Afrika vakillari 9 ta o‘rin uchun kurash olib bordi.
Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondan nomzod –akademik Akmal Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo mamlakatlardan eng ko‘p ovoz oldi.
Ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz vakilining Inson huquqlari qo‘mitasiga saylanishi tarixiy voqea sifatida e’tirof etilayotgani bejiz emas. Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi marta BMTning ushbu asosiy organiga a’zo bo‘ldi.
BMT O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilgan aniq chora-tadbirlar – bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilganini, shuningdek, BMTning inson huquqlari kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan ochiq muloqotga tayyorligini e’tirof etadi, deya ta’kidlangan "Dunyo" axborot agentligining ayni mavzudagi xabarida.
O‘zbekiston BMTning nufuzli shartnomaviy organiga saylanishi mamlakatimizning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorlik qilish orqali inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishga sodiqligini namoyish etadi.
Shu bilan birga, BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zolik mazkur tuzilma doirasida qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish va bu borada ilg‘or tajriba almashish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun: Inson huquqlari qo‘mitasi – BMTning mustaqil ekspertlardan iborat organi bo‘lib, 1977-yilda ta’sis etilgan. Unga a’zo davlatlar tomonidan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning bajarilishini monitoring qiladi. Qo‘mita faoliyati insonning barcha fuqarolik va siyosiy huquqlari to‘liq hurmat qilinishini ta’minlashga qaratilgan.
Qo‘mita tarkibi 18 a’zodan iborat bo‘lib, ishtirokchi davlatlar ularni o‘z fuqarolari orasidan saylaydi. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga 173 ta davlat a’zodir. O‘zbekiston ushbu xalqaro hujjatga 1995-yilda qo‘shilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.06.2024
- Ko'rishlar: 2122
- Chop etish