VASHINGTON, 6-iyun. /"Dunyo" AA/. Shu yil 3-iyun kuni Vashingtonda senatorlar va kongressmenlar idoralari xodimlari, shuningdek, AQSh Kongressining tashqi ishlar, yo'llar va vositalar hamda milliy xavfsizlik qo'mitalari vakillari uchun O'zbekistonga bag'ishlangan brifing o'tkazili, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda jami 44 senator va kongressmenlar idorasidan 60 nafar xodim – staffer ishtirok etdi. Bundan tashqari, brifingda respublikachi kongressmen Don Bekon, AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Markaziy Osiyo bo'yicha katta direktori Brayan Todd va O'zbekiston elchisi Furqat Sidiqov qatnashdi.
Brifing avvalida O'zbekiston elchisi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, demokratik institutlarni rivojlantirish va qonun ustuvorligini ta'minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va qulay sarmoyaviy muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga alohida to'xtalib o'tdi.
Shuningdek, siyosat, iqtisod, xavfsizlik va parlamentlararo hamkorlik sohalaridagi keng qamrovli ikki tomonlama hamkorlik haqida batafsil ma'lumot berildi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning BMT Inson huquqlari qo'mitasi a'zoligiga 2025-2028-yillar uchun saylangani mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ramziy ifodasi ekanligi ta'kidlandi.
Brifing yakunida O'zbekiston–AQSh parlamentlararo hamkorligining dolzarb masalalari bo'yicha doimiy aloqalarni yo'lga qo'yish yuzasidan kelishib olindi.
- Qo'shildi: 06.06.2024
- Ko'rishlar: 1663
- Chop etish