13-iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi doirasida «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tantanali tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochdi.
Keyingi yillarda «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishonining chet ellik sovrindorlarini Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi doirasida taqdirlash an’anaga aylandi. Joriy yilda quyidagi xorijiy hamkorlar:
- Sheref Malkoch, Turkiya Respublikasi Bosh Ombudsmani – Inson huquqlarini ta’minlash borasida Turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun;
- Nura bint Zaid al-Rashud, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi Kotibiyati ijrochi direktori, professor – IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun;
- Rashid Hamad Humaid Albalushi, Ummon sultonligining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi – inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorligi uchun;
- Maryam bint Abdullah al-Attiya, Qatar davlati Inson huquqlari bo‘yicha Milliy qo‘mitasi raisi – inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorligi uchun ushbu mukofot bilan taqdirlandilar.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonini o‘z sohiblariga tantanali ravishda topshirdi.
Qatarlik sovrindor hamkorimizning mukofotini Qatar davlati Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi bosh kotibi Sulton bin Hasan al-Jamali qabul qilib oldi.
Ma’lumot uchun: “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2020-yilda ta’sis etilgan. Bundan maqsad – inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qo‘shgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish hamda taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda o‘rnak bo‘layotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat.
Ko‘krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targ‘ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta’lim, yoshlar o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish an’analarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.
“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.06.2024
- Ko'rishlar: 1933
- Chop etish