Ko‘hna va navqiron Samarqand shahri yana bir nufuzli xalqaro forumga mezbonlik qildi. Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlandi.
Forum Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Adliya vazirligi va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan, hamkor xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi, BMTning O‘zbekistondagi jamoasi, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, IHT, SHHT, MDH, YeI, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi, Fridrix Ebert jamg‘armasi, Konrad Adenauer jamg‘armasi qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrikni Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov iqlim va inson huquqlari muammolari muhokama qilingan ushbu xalqaro anjumanni tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston Prezidentining BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasidagi (SOP28) nutqida ilgari surilganini ta’kidladi.
Yangi O‘zbekistonda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Insonning ekologik huquqlari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan. Ayniqsa, aholining eng zaif guruhlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar, ayollar, keksa yoshdagilar, kam ta’minlanganlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlar vakillari huquqlarini himoya qilishga e’tibor kuchaytirilmoqda.
Shundan keyin BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk hamda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchining videomurojaatlari namoyish etildi.
Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Mahl ishtirokchilarni tabriklab, mazkur nufuzli anjuman mavzusi juda dolzarbligini qayd etdi.
Spikerlar Samarqand forumi keskin ekologik muammolar kuchaygan bir sharoitda inson huquqlari himoyasiga e’tibor qaratilishi bir hudud yoki mintaqa emas, balki butun dunyo – insoniyatga daxldor masala ekanini e’tirof etdi.
Forum ishini boshqarib borgan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori A.Saidov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumiga yuksak e’tibor ko‘rsatib tabrik yo‘llagani uchun minnatdorchilik bildirdi. Samarqand forumi – Samarqand ruhini o‘zida mujassam etgan nufuzli anjuman ekani, bu yerda inson huquqlari bo‘yicha Samarqand an’analari shakllanayotganini alohida e’tirof etdi.
Qayd etilganidek, sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz – iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaymoqda. Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatayotir.
Barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylangan iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda jiddiy sezilmoqda. Bu global fojia oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilayotgan bo‘lishiga qaramay, bu sa’y-harakatlarni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti 2023 yil 20 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik» rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi tashabbusi bilan 2021 yilda BMT Bosh Assambleyasining «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyasi qabul qilinganini alohida qayd etish lozim. Bosh Assambleya bunday maqomni birinchi bo‘lib Orolbo‘yi mintaqasiga taqdim etdi.
Natijada 2018-2022 yillar davomida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar o‘rmonzorlar yaratildi. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yida bioxilma-xillikni saqlash uchun 3,5 million gektardan ortiq maydonda tabiat parklari, qo‘riqxonalar va davlat himoya hududlari barpo etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisini markazlashgan tarzda ichimlik suvi bilan ta’minlash holati ancha yaxshilandi.
Forumda so‘zga chiqqan Adliya vazirining o‘rinbosari M.Ikromov global muammoga aylanib borayotgan avtomobillar harakatlanishi va tirbandliklarning avj olib borayotgani ham havoning ifloslanishi sabablarini keltirib chiqarayotganini ta’kidladi. Shu bois, global xavflar avj olayotgan bir paytda inson huquqlarini himoya qilishning barqaror kelajagini belgilab olish, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash – Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifalaridan biridir.
Forum doirasida «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishonining chet ellik sovrindorlari taqdirlandi.
Forumning birinchi plenar sessiyasi ekologik muammolarni hal etish va inson huquqlarini himoya qilishda xalqaro tashkilotlarning yetakchiligi va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roliga bag‘ishlandi.
Mavzu yuzasidan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi kotibiyati ijrochi direktori professor Noura bint Zaid Alrashoud, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi (TurkPA) Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash Bosh kotibi o‘rinbosari Chjang Ling, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) maslahatchisi Behruz Mohtari ma’ruza qildi.
YeXHT Iqtisodiy va ekologik faoliyati muvofiqlashtiruvchisi, elchi Bakit Jusupovning videomurojaati hamda Yevropa Ittifoqi Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Olof Skug, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Seitimovning onlayn chiqishlari tinglandi.
Elchi B.Jusupovning qayd etishicha, hozirgi kunda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi mamlakatdagi iqlim bilan bog‘liq muammolar xaritasini tuzmoqda. Shu asosda hukumat aholining, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning ehtiyojlarini qondiradigan axborot siyosatini ishlab chiqishi mumkin.
N.Seitimov iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarga nisbatan aholining munosabatini shakllantirmasdan turib, ularni ijobiy hal etish qiyin ekaniga e’tibor qaratdi. Shuning uchun ham, MDH Bosh kotibi o‘rinbosarining fikricha, “Ekologiya sohasida ongli shaxsni tarbiyalash – sayyoramiz hayotini saqlab qolishning muhim shartlaridan biridir.
Birinchi yalpi majlis doirasidagi munozaralar xalqaro tashkilotlarning atrof-muhit muammolarini hal qilish va inson huquqlarini himoya qilish borasida istiqbolli barqaror yechimlarni topish uchun qulay muloqot maydoniga aylandi.
Ma’ruzachilar o‘zlari mansub tashkilotlarning bu boradagi yondashuvlariga to‘xtalar ekan, ekologiyani sog‘lomlashtirishga qaratilgan boshqaruv jarayonlarida inson huquqlarini ta’minlash nuqtai nazaridan zarur innovatsion g‘oyalar, ilg‘or tajribalar va hamkorlikdagi sa’y-harakatlar alohida o‘rin tutishini bildirdi.
Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumining mazkur anjumani, ayniqsa, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillarining o‘zaro fikr almashishlari uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Ikkinchi plenar sessiyada iqlim o‘zgarishining global tendensiyalari va ularning zaif guruhlari kontekstida ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarga ta’siri, uchinchi plenar sessiyada iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha global strategiyalar va hamkorlik, shuningdek, ekologik huquqlarni himoya qilish va iqlim tashabbuslarini amalga oshirishda biznes va fuqarolik jamiyatining roli ko‘rib chiqildi.
200 nafardan ortiq xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilotlar vakillari offlayn va onlayn formatda ishtirok etgan forum yakunida “Iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak uchun majburiyatlar va harakatlar to‘g‘risida Samarqand deklaratsiyasi” ishlab chiqildi.
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 16.06.2024
- Ko'rishlar: 1947
- Chop etish