LONDON, 13-iyun. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning yetakchi "The London Post" elektron nashrida O'zbekiston nomzodining BMT Inson huquqlari qo'mitasi a'zoligiga saylangani haqida maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ma'lum qilinganidek, shu yil 29-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktga a'zo davlatlarning 40-sessiyasi doirasida Inson huquqlari qo'mitasining 2025-2028-yillar uchun 9 nafar a'zosini saylash bo'yicha saylovlar bo'lib o'tdi.
"Saylovda O'zbekistondan nomzod, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktga a'zo mamlakatlardan eng ko'p ovoz oldi. O'zbekiston vakilining IHQga saylanishi tarixiy voqeadir, chunki O'zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi marta BMTning ushbu asosiy organiga a'zo bo'ldi", – deyiladi maqolada.
Qayd etilganidek, O'zbekistonning ushbu nufuzli konvensiya organiga saylanishi mamlakatning inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv hamkorlik qilish orqali inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishga sodiqligini namoyish etish, qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish, shuningdek, bu borada ilg'or tajriba almashish imkonini beradi.
- Qo'shildi: 19.06.2024
- Ko'rishlar: 1647
- Chop etish