INSON HUQUQLARI BO‘YICHA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY MARKAZINING 2024 YIL 1-YARIM YILIDA AMALGA OSHIRGAN ISHLARI YUZASIDAN
AXBOROT
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar doirasida qonunchilik, huquq amaliyoti va xalqaro hamkorlik bo‘yicha izchil ishlar davom etmoqda. Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning ta’sirchan vositalarini barpo etish, xalqaro tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni kengaytirish, davlat organlari xodimlari va aholining inson huquqlari bo‘yicha madaniyatini oshirish borasida samarali islohotlar amalga oshirishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tizimli faoliyat yo‘lga qo‘yilgan.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samaralari tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi sezilarli darajada yuksaldi. Xalqaro hamjamiyat bilan keng ko‘lamli hamkorlik tufayli O‘zbekiston bir qancha yutuqlarga erishdi.
Buni 2024-yilning o‘tgan davrida qo‘lga kiritilgan muhim natijalar yaqqol tasdiqlaydi.
Birinchidan, 2024-yil 29-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori 2025-2028-yillar uchun BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi. Shu orqali O‘zbekiston vakili tarixda birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga saylandi.
Ikkinchidan, 2024-yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi asosida “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqadagi giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurashish bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlangan. BMT rasmiy hujjatida O‘zbekistonning yangi siyosati natijasida mintaqada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchinchidan, 2024-yil 7-iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasida O‘zbekiston ilk marotaba Yevropa hududidan eng ko‘p ovoz to‘pladi va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi.
Bu yutuq O‘zbekistonning global mehnat siyosatida, XMT tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda, mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va g‘oyalarning ishlab chiqilishida bevosita faol ishtirok etishiga qulay imkoniyat yaratadi.
To‘rtinchidan, 2024-yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston va Xitoy tomonidan “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni”ni belgilash bo‘yicha taklif qilingan rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi.
Ushbu rezolyutsiyada O‘zbekiston rahbariyatining umumiy xavfsizlik va farovonlikni ta’minlash uchun hamjihatlik ruhini rivojlantirish, amaliy hamkorlikka intilish, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish yo‘lida xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini safarbar etishga qaratilgan g‘oyalari o‘z ifodasini topgan.
Beshinchidan, 2024-yil iyun oyida 2025-2027-yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zoligiga o‘tkazilgan saylovda O‘zbekiston 185 mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, EKOSOSga saylandi. Mamlakatimiz o‘z tarixida ilk bor ushbu tuzilmaga a’zo bo‘ldi.
Binobarin, BMT doirasida barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi – iqtisodiy va ijtimoiy sohalar, shuningdek, atrof-muhitni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarda EKOSOS muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston tomonidan BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalari faol amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini tayyorlash va BMTning shartnomaviy qo‘mitalarida ko‘rib chiqish natijalarini deputatlar va senatorlar tomonidan muntazam eshitib borish, BMT shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejalarining Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlanishi amaliyoti takomillashmoqda.
Joriy yil 18-may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining ellik ikkinchi yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risidagi axboroti” eshitildi. Axborotda 2023 yilda O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishi hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyasining ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar qamrab olingan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari samarali bajarilishiga qaratilgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyaning qabul qilinganiga to‘rt yil to‘ldi. Ushbu dasturiy hujjatda belgilangan vazifalar izchillik bilan bajarilmoqda.
Ayni vaqtda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami 78 bandidan 67 bandi (85%) bo‘yicha ijro muddati yakunlandi. Shundan:
- 6 ta band bo‘yicha ijro muddati uzaytirildi;
- 64 ta band (82 %) bajarildi;
- 14 ta bandni (18 %) amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda;
- “Yo‘l xaritasi”ning 11 ta bandi muddati hali yakunlanmagan.
2024-yilning 1-yarmida Milliy strategiya doirasida 5 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 6 ta qarori qabul qilindi. Jumladan o‘tgan davrda:
- “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi;
- “Xalqaro mehnat tashkilotining ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1949-yil 1-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi;
- “Xalqaro mehnat tashkilotining ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1981-yil 23-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar qabul qilindi.
Hisobot davrida Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan inson huquqlari bo‘yicha 4 ta Milliy harakatlar rejasi ijrosi monitoring qilib borildi. Bu boradagi axborotlar har chorakda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasiga taqdim etilishi ta’minlandi. Jumladan:
- BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2023–2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining jami 43 ta bandida belgilangan vazifalardan 22 ta bandi (50%) bo‘yicha ishlar bajarilgan. Shundan – 16 ta band (40%) bo‘yicha ishlar davom etayotgan bo‘lsa, yana 5 ta (10%) bandni bajarish muddati hali kelmagan.
- BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi ijrosi doirasida 69 ta banddan 29 tasi (40%) bajarildi. Qolgan 40 ta band (60%) ijrosi doirasidagi ishlar davom etmoqda.
- BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi ijrosi bo‘yicha 34 ta bandida ko‘rsatilgan tavsiyalarni amalga oshirishga qaratilgan 126 ta vazifadan 49 tasi (40%) bo‘yicha ishlar to‘liq bajarildi. Ayni vaqtda 77 ta vazifani (60%) amalga oshirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
- BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi jami 100 ta banddan iborat. O‘tgan davrda mazkur Milliy harakatlar rejasi bo‘yicha ishlarning 5 foizi bajarildi. Milliy harakatlar rejasidagi topshiriqlarning 30 foizi yaqin orada ijro etiladi. Rejada belgilangan 65 foiz ishlarni bajarish muddatlari hali kelmagan.
Ma’lumki, 2024-yil 22-mart kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi doirasida Universal davriy hisobot bo‘yicha O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy hisoboti tasdiqlandi. Mamlakatimiz Universal davriy hisobot tavsiyalarini muntazam bajarib kelmoqda.
O‘zbekiston milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarida sobitqadamdir. Bunda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi va “UPR INFO” (Universal davriy hisobot-INFO) xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorligimiz alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘tgan davrda o‘zaro hamkorlikda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Universal davriy hisoboti bo‘yicha O‘zbekistonning 4-milliy ma’ruzasiga oid tavsiyalar yuzasidan 3 ta tadbir va 1 ta brifing tashkil etilgani ham buni yaqqol tasdiqlaydi. Hozirgi vaqtda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan birga ushbu tavsiyalar bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Milliy markaz 2024-yilning o‘tgan davrida xalqaro tashkilotlarning hamda hamkor xorijiy davlatlarning inson huquqlari to‘g‘risidagi hisobotlarida taqdim etilgan ma’lumotlarga sharhlar tayyorlash ishini davom ettirdi. Xususan, ushbu yo‘nalishda 2 ta sharhlar tayyorlandi. Ya’ni, bu o‘rinda:
- “Human Rights Watch” xalqaro nohukumat tashkilotining 2023-yil uchun hisoboti;
- shuningdek, AQSH Davlat departamentining “2023-yil uchun Inson huquqlari bo‘yicha hisoboti” bo‘yicha tayyorlangan sharhlar haqida so‘z bormoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida Milliy markaz inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o‘rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish ishlarini davom ettirdi.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qabul qilingan qonunlarning mamlakatimiz hududlaridagi ijrosi monitoring qilindi. Bu borada bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan bo‘lib, ayni yo‘nalishdagi ayrim tafsilotlar haqida quyida so‘z boradi.
Birinchidan, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarining bajarilishi ustidan monitoring o‘tkazish maqsadida Milliy markaz, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.
Reja asosida 2024-yil 15-16-may kunlari Qarshi shahrida “Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish holati” yuzasidan monitoring o‘tkazilib, Qarshi shahridagi xalqaro temir yo‘l vokzali hamda avtobus va avtobus bekatlari, shuningdek oliy ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan qulayliklar o‘rganildi.
Monitoring yakunlari bo‘yicha ma’lumot va qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflar Oliy Majlis palatalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash, Transport vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligiga taqdim etildi.
Ma’lumot uchun: Monitoring yakunlari bo‘yicha ma’lumot va qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflar asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (PQ-266-son, 18.07.2024 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-oktyabrdan:
- rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi;
- har yili “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.
Ikkinchidan, 2024-yil 1-yarmida jazoni ijro etish muassasalarida sud hukmi bilan tayinlangan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga, tergov hibsxonalari hamda maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga yaratilgan shart-sharoitlar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan inson huquqlariga rioya etilishi yuzasidan monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Shu maqsadda Milliy markaz tomonidan avvalo Sog‘liqni saqlash hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, “Barqaror rivojlanish markazi”, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti vakillaridan iborat monitoring guruhi shakllantirildi.
Monitoring tadbirlari Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida joylashgan jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni saqlash muassasalarida o‘tkazildi. Bu jarayonda jami 21 ta jazoni ijro etish muassasasida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha faoliyat amaliyoti o‘rganildi.
Monitoring tashrifi davomida ozodligi cheklangan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlarni atroflicha o‘rganishga asosiy e’tibor qaratildi. Bunda, jumladan, ozodligi cheklangan shaxslarning davolanishi, dam olishi, oziq-ovqatining sifati, mehnat sharoitlari, muassasa xodimlarining ularga nisbatan muomalasi, tazyiq va zo‘ravonliklar sodir etilishi bilan bog‘liq masalalar monitoringi haqida so‘z bormoqda.
Bundan tashqari, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan ishi sudda ko‘rilayotgan, dastlabki tergov davrida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan ayollar va voyaga yetmagan shaxslar bilan alohida hamda birma-bir uchrashuv va suhbatlar uyushtirildi. Ishchi guruh a’zolari tomonidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual qonunchiligi talablari doirasida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra Jizzax viloyat sudi, Jizzax viloyat prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentiga tavsiya xatlari kiritildi.
2024-yilning o‘tgan davrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining maxsus tartib-taomillari (protseduralari) bilan amaliy hamkorlik izchil davom ettirildi.
O‘zbekiston tomonidan BMTning ayni sohaga mas’ul maxsus ma’ruzachilariga mamlakatga tashrif yuzasidan doimiy taklifnoma taqdim qilinganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir.
Milliy markazga 2024-yilning o‘tgan davrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi maxsus ma’ruzachilar ko‘targan masalalar va yakka tartibdagi murojaatlar bo‘yicha jami 20 ta hujjat kelib tushdi. Mazkur masalalar yuzasidan tegishli ma’lumotnoma tayyorlanib, Maxsus ma’ruzachilarga taqdim etildi.
Milliy markazga 2024-yilning o‘tgan davrida jami 712 ta murojaat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning dastlabki 6 oyida kelib tushgan (707 ta) murojaatlarga qaraganda 0,7% ko‘pdir.
Murojaatlarning 21 tasi anonim hisoblanganligi sababli “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga asosan ko‘rilmasdan qoldirildi.
Markaz qabulxonasida o‘tgan davrda 350 nafardan ortiq fuqaro qabul qilingan. Shundan 275 nafar fuqaroning yozma murojaatlari bo‘yicha ish olib borilgan. Jumladan:
- 75 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilgan;
- 691 nafar fuqaroning murojaatlari taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan, shundan 126 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Murojaatlarning 275 tasi (39,7%) fuqarolardan to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul jarayonida, 416 tasi (60,2%) aloqa vositalari (asosan pochta aloqa tarmog‘i orqali), 14 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali, 95 tasi Milliy markazning Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan.
Tahlillarga qaraganda, murojaatlar mualliflarining 303 nafari (43,8%) erkak, 354 nafari (51,2%) ayol jinsiga mansub. Shuningdek, 34 tasi (4,9%) jamoaviy kelib tushgan murojaatlarni tashkil qiladi.
Murojaatlarning 601 tasi (87%) ariza, 88 tasi (12,7%) shikoyat va 2 tasi (0,3%) takliflardir.
Mazkur murojaatlar 2023-yilning shu davrida kelib tushgan murojaatlar bilan hududlar kesimida taqqoslanganida:
birinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Toshkent hamda Farg‘ona viloyatlaridan murojaatlarning ortgani;
ikkinchidan, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri aholisidan murojaatlarning kamaygani kuzatildi.
Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari hamda huquqni muhofaza qilish organlariga 2024-yil dastlabki 6 oyi davomida 200 dan ortiq tavsiya taqdim etildi. Ularning ko‘rib chiqilishi natijasida 18 ta murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklandi, 25 ta holatda fuqarolarga huquqlari tiklanishida va qonuniy manfaatlarining amalga oshishida amaliy ko‘mak berildi.
Bundan tashqari, 2024-yilning o‘tgan davrida telefon orqali murojaat qilgan 1650 nafardan ortiq fuqarolga huquqiy maslahatlar berildi. Bu o‘rinda og‘zaki huquqiy maslahat so‘rab murojaat qiluvchilar soni yildan yilga ortib borayotganligiga e’tibor qaratish lozim.
Inson huquqlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish va ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash vazifasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami ham ortib bormoqda. Xususan, Milliy markaz tomonidan 2024-yilning dastlabki 6 oyi davomida jami 40 ta normativ-huquqiy hujjat ekspertizaga tortildi.
Shundan: 23 ta qonun, Prezidentning 2 ta farmoni va 4 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 10 ta qarori, 1 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha 90 dan ortiq taklif bildirildi.
Hisobot davrida Milliy markaz 2 ta qonun loyihasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro normalarga muvofiqligi yuzasidan xulosa berdi. Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha takliflar ham tayyorlanib, tegishli tartibda taqdim etildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 27-moddasiga muvofiq, Milliy markaz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 86-moddasi birinchi qismiga rasmiy sharh berish yuzasidan murojaat tayyorlandi. Ayni murojaat Konstitutsiyaviy sudga taqdim etildi.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda muhimdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida Milliy markaz tomonidan 50 dan ortiq o‘quv, axborot-ma’rifiy va ma’naviy-huquqiy tadbirlar o‘tkazildi.
Manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha 10 ta o‘quv kursi, 10 ta seminar-trening, 20 ta davra suhbati hamda 2 ta konferensiya hamda 10 ta axborot-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirlarda davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nodavlat notijorat tashkilotlaridan jami 1400 ga yaqin vakil ishtirok etdi.
Milliy markaz xodimlari xalqaro hamkorlar hamda vazirlik, idora va tashkilotlar o‘tkazgan 10 ta konferensiya va 10 ta davra suhbatida ham faol qatnashdi.
Xususan, 2024-yil 5-6-mart kunlari Toshkent shahrida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari: xalqaro andozalar va milliy amaliyot” mavzusida ikki kunlik o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Treningda asosiy e’tibor nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va targ‘ib etish sohasida o‘zaro tajriba almashish va ilg‘or amaliyotlarni o‘rganishga qaratildi.
BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini milliy va xalqaro darajalarda yanada samarali amalga oshirishga yordam beradigan aniq strategiya va uslublar atroflicha muhokama qilindi. Ushbu tadbirda Oliy Majlis palatalari, Oliy sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, manfaatdor vazirliklar, inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlari, ilmiy hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlarining 45 nafar vakili ishtirok etdi.
Shuningdek, 2024-yil 19-aprel kuni Milliy markaz, Transport vazirligi, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi ishtirokida “Haydovchilar va konduktorlarga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning muhimligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Toshkent shahridagi avtobus parklari haydovchilari va konduktorlari, shuningdek, tashkilotchi idorlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari – jami 50 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Milliy markaz tomonidan Toshkent viloyatida 2024-yil 30-aprel – 3-may kunlari “Nelson Mandela qoidalari” xalqaro o‘quv dasturi bilan tanishish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmasi asosida qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish” mavzusida to‘rt kunlik o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislarni tayyorlashga oid mazkur tadbir YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Bunda Jazoni ijro etish departamenti tizimidagi jazoni ijro etish muassasalari vakillarini qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha xalqaro standartlar bilan tanishtirishga e’tibor qaratildi. Trening davomida ushbu yo‘nalishda faoliyat olib boradigan tashkilotlarning 35 nafar vakili ishtirok etdi.
Shu bilan birga, Toshkent viloyati (30-aprel – 1-may), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (21-22-may) va Xorazm viloyatida (23-24-may) milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda har bir hududdan ichki ishlar (50 nafar) va prokuratura (10 nafar) tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 180 nafar xodimi qatnashdi.
Bundan tashqari, 2024-yil 14-15-may kunlari Toshkent shahrida “Ayollar yetakchiligini rag‘batlantirish” mavzusida trening bo‘lib o‘tdi. Milliy markaz tomonidan YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbir jamiyat hayotining turli jabhalarida, jumladan, iqtisodiyot, siyosat, ta’lim va madaniyat sohalarida xotin-qizlar mavqeini oshirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qildi.
O‘z navbatida, 2024-yil 14-17-may kunlari “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi. Bunda Milliy markaz mutaxassislari tomonidan Inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platformadagi o‘quv kurslari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
O‘quv dasturi tinglovchilari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol ishtirok etgan davlat organlari va tashkilotlar mutaxassislaridan iborat bo‘ldi. Mashg‘ulotlarda 20 dan ortiq vazirlik va idora xodimlari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan an’anaviy xalqaro anjumanning navbatdagisi – Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi tashkil etildi. Forum “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish” mavzusiga bag‘ishlandi va 2024-yil 13-14-iyun kunlari Samarqand shahrida o‘tkazildi.
Prezidentimiz Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaatida ta’kidlaganidek, “Ekologik inqiroz barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi eng asosiy to‘siq va tahdidga aylandi. Global miqyosda qashshoqlik muammolari ko‘paymoqda, insonning sog‘liq, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash xavf ostida qolmoqda. Bundan avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, ayollar va bolalar jiddiy aziyat chekmoqda”.
Forum BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi, BMTning O‘zbekistondagi jamoasi, BMT Taraqqiyot dasturi, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, F.Ebert va K.Adenauer jamg‘armalari ko‘magida tashkil etildi. Anjumanda 200 nafardan ortiq xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilotlar vakillari, mustaqil ekspertlar of-layn va on-layn formatlarda ishtirok etdi.
Samarqand forumida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk, Insonning toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitga bo‘lgan huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Astrid Puyentes Riano, Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Ann Mariye Skelton va Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasi raisi Laura-Mariya Krachunean-Tatu hamda BMTning 7 ta xalqaro tuzilmasi vakillari ishtirok etdi.
Samarqand forumida, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH, SHHT, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi va 20 dan ortiq xorijiy davlatning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari rahbarlari, 30 nafardan ortiq inson huquqlari va iqlim masalalari bo‘yicha yetakchi xorijiy ekspert, tadqiqot markazlari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari, biznes doiralar vakillari qatnashdi. Tadbirda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari, Oliy Majlis palatalari, vazirliklar, oliy ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati vakillari ham faol ishtirok etdi.
Samarqand forumida erkin va qizg‘in munozaralarga boy 3 ta yalpi majlis tashkil etilib, unda 70 dan ziyod xalqaro, xorijiy va milliy ekspertning ma’ruzalari va fikr-mulohazalari eshitildi. Forum doirasida Milliy markaz va Turkiya Bosh ombudsmani o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Hisobot davrida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, xalqaro hamkorlarning taklifiga asosan konferensiya va seminarlarda ishtirok etish maqsadida Milliy markaz xodimlarining xorijiy davlatlarga 10 dan ortiq tashrifi amalga oshirildi. O‘z navbatida, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning 20 ga yaqin eksperti Milliy markazga tashrif buyurdi.
Joriy yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan inson huquqlariga doir 3 ta shartnoma qabul qilinganligining yubiley sanalari keng nishonlanmoqda. Bunda xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazish, inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish, aholi, yoshlar va bolalar uchun darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlarni tayyorlash muhim hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Milliy markaz tomonidan vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda 3 ta tadbirlar dasturi loyihalari tayyorlandi. Bular:
– Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning 45-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi;
– Qiynoqlarga qarshi konvensiya qabul qilinganligining 40-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi;
– Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganligining 35-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi loyihalaridir. Ushbu hujjatlar 2024-yil 15-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya yig‘ilishida tasdiqlandi.
Hisobot davrida Milliy markaz huzuridagi Ilmiy kengashning 12.00.13 – “Inson huquqlari” ixtisosligi bo‘yicha 1 ta dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi. Doktorant va mustaqil tadqiqotchilar uchun malakaviy imtihonlar tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” faoliyati takomillashtirildi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar axborot-kutubxona markazlari hamda oliy o‘quv yurtlari axborot-resurs markazlariga jami 83 nomdagi 450 nusxada huquqiy adabiyot beg‘araz taqdim etildi.
Milliy markaz tomonidan hisobot davrida – 14 ta risola, inson huquqlari bo‘yicha 1 ta xalqaro hujjatlar to‘plami nashrga tayyorlandi.
Milliy markaz tomonidan aholi, ayniqsa bolalar va yoshlarning huquqiy ongi va inson huquqlari madaniyatini oshirishga qaratilgan 2 ta respublika tanloviga start berildi. Bulardan biri – Bolalar ombudsmani, “Tong yulduzi” va “Klass” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan “Inson huquqlari bolalar nigohida” tanlovi bo‘lsa, ikkinchisi – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlar agentligi, Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda tashkil etilayotgan “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovidir.
Hisobot davrida Milliy markaz muassisligida nashr etiladigan davriy organ – “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati ijodiy jamoasi “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Inson huquqlari va ijtimoiy hayotimiz bilan bog‘liq dolzarb mavzulardagi materiallari uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
O‘tgan davrda Milliy markaz faoliyatini targ‘ib etishga qaratilgan 2 ming 845 ta axborot tashkilot rasmiy saytining “Markaz yangiliklari” rukniga joylashtirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston tele-radio kanallari, gazetalar, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va veb-saytlarda jami 670 ga yaqin axborot e’lon qilindi. Bu axborotlarning muayyan qismi ingliz va rus tillarida ham keng tarqatildi.
- Qo'shildi: 24.07.2024
- Ko'rishlar: 1410
- Chop etish