Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M. Tillabayev hamda Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori M. Turg‘unov inson huquqlari sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha amaliy tashrif bilan Boku shahrida (Ozarbayjon Respublikasi) bo‘ldi.
Tashrif doirasida Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Ozarbayjon Prezidenti Administratsiyasi qoshidagi Huquq va inson huquqlari instituti rahbariyati, bilan uchrashuvlar, shuningdek “Inson huquqlari sohasida hamkorlik: Ozarbayjon va O‘zbekiston tajribasi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tashrif davomida O‘zbekistonning Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Bahrom Ashrafxanov bilan ham uchrashuv tashkil etildi.
Delegatsiya a’zolarining Ozarbayjon Prezidenti Administratsiyasi qoshidagi Huquq va inson huquqlari instituti boshqaruv raisi Magomed Guluzade bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, mazkur Institut faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi va amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi. Hozirda mazkur tuzilmaning asosiy vazifalari – qonun hujjatlari loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, fuqarolar uchun huquqiy ongni oshirish maqsadida targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish, huquqning turli sohalarida, shu jumladan inson huquq va erkinliklari sohasida ilmiy tadqiqot usullaridan foydalangan holda fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlashni tashkil etishdan iborat.
Ma’lumot uchun: Huquq va inson huquqlari instituti Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining 1998-yil 30-noyabrdagi Farmoyishi asosida dastlab “Inson huquqlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti” degan nom bilan tashkil etilgan. Mamlakat rahbarining 2016-yil 26-maydagi Farmoyishi bilan “Huquq va inson huquqlari instituti” deya qayta nomlangan. Bugungi kunda Institut faoliyati sohasiga inson huquqlari bo‘yicha ta’limni rivojlantirish, milliy qonunchilikni takomillashtirishga ko‘maklashish, normativ-huquqiy tartibga solish jarayonlari ta’sirini baholab borish vazifalari kiradi. Shuningdek, Institut davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining inson huquqlari sohasidagi bilimi, ko‘nikma va tajribasini oshirish, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy tafakkur hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga ham mas’ul hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishlarda Institut tomonidan 2023-yilda 61 ta huquqiy-normativ loyihalar ekspertizadan o‘tkazilgan, 41 ta trening va 27 ta taqdimot tashkil qilingan, 1120 nafar xodimlar o‘qitilgan, 5 ta kitob va 17 ta maqola chop etilgan.
Uchrashuvda Institutda yangi tashkil etilgan “Huquq va inson huquqlari virtual kutubxonasi”, “Huquqshunos olimlarning yagona ma’lumotlar bazasi”, “Inson huquqlari bo‘yicha raqamli resurslar xaritasi”, “Amaliyot bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish (PASS) platformasi” haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv doirasida Ozarbayjon Huquq va inson huquqlari instituti va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida Memorandum, shuningdek, Ozarbayjon Huquq va inson huquqlari instituti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida Memorandumlar imzolandi.
Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Sabina Aliyeva bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari va kelgusidagi istiqbolli rejalar, hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlar va xalqaro anjumanlar haqida fikr-mulohaza almashildi.
Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida yaqin do‘stlik va qardoshlik munosabatlari yuqori bosqichga ko‘tarilgani, turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, jumladan, inson huquqlari sohasida samarali hamkorlik o‘rnatilgani alohida ta’kidlandi.
Vakil Ozarbayjonning Ombudsman to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonuniga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida gapirib, uning vakolatlari nogironlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, kamsitishlarning oldini olish va boshqa sohalarda kengaytirilganini ta’kidladi. Ombudsman, shuningdek, qiynoqlarning oldini olish milliy preventiv mexanizmi faoliyatini muhokama qilib, kuzatuv tashriflari jarayonida ozodlikdan mahrum bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash va ularga bo‘lgan muomala hamda tegishli sharoitlarni o‘rganish uchun monitoring o‘tkazilishi to‘g‘risida axborot berdi.
Delegatsiya a’zolari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar to‘g‘risida alohida modda mavjudligi, parlament tomonidan “Bolalar ombudsmani” to‘g‘risida qonun qabul qilingani, hozirda esa Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) to‘g‘risida yangi qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinayotganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha tajribasi hakida, jumladan Inson huquqlari bo‘yicha milliy ta’lim dasturi ijrosi to‘g‘risida axborot berildi.
Muloqotda tomonlarni qiziqtirgan boshqa qator masalalar, jumladan, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, Ozarbayjon Ombudsmani va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolash masalalari ham muhokama qilindi.
Tashrif davomida Huquq va inson huquqlari instituti tomonidan “Inson huquqlari sohasida hamkorlik: Ozarbayjon va O‘zbekiston tajribasi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Ozarbayjon O‘zbekistonning yaqin do‘sti va vaqt bilan sinalgan, ishonchli strategik sherigi ekani ta’kidlanib, mamlakatlarimizni din, ma’naviy qadriyatlar mushtarakligi, an’analar, til va madaniyat o‘xshashligi bog‘lab turishi e’tirof etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari o‘z ma’ruzalarida tadbir ishtirokchilarini mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya, Barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsadlar ijrosi haqida xabardor qildi.
Ikki tomonlama uchrashuvlar va davra suhbatida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Davlat va huquq instituti, Taraqqiyot strategiyasi markazi tomonidan chop etilgan adabiyotlar va ma’lumotnomalar keng tarqatildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi Ozarbayjon Huquq va inson huquqlari instituti va Ombudsmanning rasmiy veb-saytlari, shuningdek elektron ommaviy axborot vositalarida (redaktor.az, azadmedia.az, turknewsgazetesi.com, ozbekistangazetesi.com, ortaasyagazetesi.com, qht.az) keng yoritildi.
- Qo'shildi: 06.08.2024
- Ko'rishlar: 1457
- Chop etish