18-19-sentyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Andijon viloyatidagi davlat oliy ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” fanlarini o‘qitish sifati yuzasidan monitoring o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida amaliy ishlar olib bormoqda.
Bunda asosiy e’tibor aholi, xususan, bolalar va yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ta’lim muassasalarida inson huquqlari bo‘yicha bilimlar yanada mustahkam o‘qitilishini nazarda tutadi. Pirovard natijada fuqarolarning inson huquqlarini ongli ravishda hurmat qilishiga erishish ko‘zlangan.
Bu borada monitoring o‘tkazish uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari ishtirokida ishchi guruh tashkil etildi. Ishchi guruh Andijon davlat universiteti va Andijon davlat pedagogika institutida ta’lim jarayonlarini kuzatib, darslar jarayonini o‘rgandi.
Mas’ul shaxslarga ta’lim sifati bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Monitoring doirasida o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim jarayoni haqida so‘rovnoma ham o‘tkazildi. Natijalar asosida tahlillar amalga oshirilib, tegishli tavsiyalar Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalariga taqdim etiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.09.2024
- Ko'rishlar: 892
- Chop etish