21-sentyabr kuni Namangan davlat universitetida BMTning Qiynoqqa qarshi kurashish konvensiyasi 40-yilligi munosabati bilan davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Namangan viloyati prokuraturasi hamkorligida tashkil etildi.
Ishtirokchilar BMT Konvensiyasining tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Qiynoqlarga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik va milliy darajadagi sa’y-harakatlarning yanada kuchaytirilishi zarurligi qayd etildi.
Qiynoqlar nafaqat insonning sha’ni va qadr-qimmatiga jiddiy zarar yetkazishi, balki jamiyatning umumiy barqarorligiga ham tahdid solishi bilan bog‘liq tashvishli masalalar atroflicha muhokama qilindi. Qiynoqqa duch kelgan insonlarning huquqlarini tiklash va ularning ijtimoiy hayotga qaytishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Farhod Hayitboyev mazkur Konvensiyaning inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni va ahamiyatini yoritib berdi. Ma’ruzachi, jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda huquqiy himoya tizimini yanada kuchaytirishdagi roli haqida batafsil to‘xtaldi.
Tadbir yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan Namangan davlat universiteti kutubxonasiga inson huquqlariga oid bir turkum yangi kitoblar beg‘araz taqdim etildi.
Mazkur oliy o‘quv yurti rahbariyati ushbu adabiyotlar dolzarb yuridik manbalar sifatida professor-o‘qituvchilar va talabalarning huquqiy bilimlarini oshirishga katta yordam berishini e’tirof etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.09.2024
- Ko'rishlar: 873
- Chop etish