Xalqimizda: “Mehnatning tagi rohat”, – degan purhikmat maqol bor. Uzoq yillar elimiz farovonligi va mamlakatimiz rivoji yo‘lida halol mehnat qilib, nafaqa yoshiga yetgach, izzat va hurmatda keksalik gashtini surayotgan, shu bilan birga, pand-nasihatlariyu boy hayotiy tajribasi bilan shogirdlar tarbiyalayotgan nuroniylarimizga qarab bu maqolning naqadar to‘g‘riligiga amin bo‘lamiz. Darhaqiqat, inson qadri ulug‘ bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda halol peshona teri bilan obro‘ topgan hech bir inson davlatimizning e’tiboridan chetda qolmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan 2017 yilda ta’sis etilgan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni pok mehnati bilan qadr va sharaf topgan yurtdoshlarimizga xalqimiz va davlatimizning ko‘rsatgan yuksak ehtiromi timsolidir. Prezident qarorida ta’kidlanganidek, ushbu ko‘krak nishonini ta’sis etishdan ko‘zlangan maqsad:
birinchidan, mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimizni;
ikkinchidan, ishlamasdan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida mas’uliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona-Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bag‘ishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan onalarni munosib taqdirlashdan iborat.
Har yili “Nuroniy” jamg‘armasining Vasiylik kengashi qarori bilan, yuzlab vatandoshlarimiz “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda. Ular orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faxriylari ham muntazam e’tirof etib kelinayotgani, albatta, quvonarlidir.
Xususan, joriy yilda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali katta muharriri Vitaliy Kan I darajali, Milliy markaz xodimlari Gulbahor Abdullayeva va Rustam Husanov II darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi. 19 oktyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali taqdirlash marosimida ularga ko‘krak nishonlari topshirildi.
Shuningdek, tadbirda 50 ga yaqin davlat muassasalarining 164 nafar faxriylariga, shu jumladan, professor-o‘qituvchilar, olimlar, tibbiyot, xalq ta’limi, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va san’at sohasi vakillariga ushbu sharafli mukofot taqdim etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Qahramoni, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev va uning birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, shuningdek, mamlakatimizning fan, madaniyat va san’at sohalaridagi ilg‘or ziyolilari ishtirok etdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari boshchiliklarida ibratli mehnati bilan elda e’zoz topgan keksa avlod vakillarini doimiy qo‘llab-quvvatlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish borasida mamlakatimizda izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, nuroniylarning salomatliklarini mustahkamlash, turli madaniy tadbirlar tashkil etish orqali ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mehnat faxriylari esa bugungi insonparvar va xalqchil islohotlar ruhiga hamohang tarzda o‘z bilim va tajribalari, kuch-g‘ayratlarini safarbar etib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishmoqda.
Tadbir doirasida mehnat faxriylari uchun konsert dasturi ham tashkil etildi. Xalqimizning sevimli san’atkorlari mahorat bilan ijro etgan kuy-qo‘shiqlar nuroniylarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
Hamidulla MO‘MINOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi
- Qo'shildi: 22.10.2024
- Ko'rishlar: 821
- Chop etish