“XITOY – MARKAZIY OSIYO” HAMKORLIK FORUMI:
Yangi davrning qamrovdor strategik munosabatlarini izchil rivojlantirish yo‘lida
Joriy yil 25-26-oktyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Inchuan shahrida “Xitoy – Markaziy Osiyo” XI hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mintaqaviy anjumanda ishtirok etgan mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal SAIDOV bilan Forum tafsilotlari haqida suhbatlashdik.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, bugungi kunda dunyo nafaqat turli tahdid va xatarlar, balki ulkan imkoniyatlarni ham o‘zida mujassam etgan global o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ydi, – deydi A.Saidov. – Shu ma’noda, dastavval “Xitoy – Markaziy Osiyo” XI hamkorlik forumining uchta muhim xususiyatiga e’tibor qaratish lozim.
Birinchi xususiyati: bu galgi “Xitoy – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida yangi davr boshlangan tarixiy bir sharoitda bo‘lib o‘tdi. Gap shundaki, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha har ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan mamlakatlarimizning o‘zaro munosabatlari “yangi davrda barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik”ga ko‘tarilishi uchun ulkan shijoat baxsh etildi.
Shuningdek, 2024-yil iyul oyida O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari qo‘shni Qozog‘istonning Ostona shahrida uchrashib, o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuvlarning muntazam tashkil etilayotganligi ikki mamlakat xalqlari manfaati uchun hamkorlikni rivojlantirish va bu borada yangi yo‘nalishlarni ko‘rsatib berishga xizmat qilmoqda.
Ikkinchi xususiyati: ushbu Forum joriy yilda o‘n birinchi marta o‘tkazildi. Bu, bir tomondan, Forumning allaqachon an’anaviy ahamiyat kasb etganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, Xitoy va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari uchun bunday hamkorlik formati zarurligini amalda tasdiqlaydi.
Uchinchi xususiyati: mazkur mintaqaviy hamkorlik anjumani aynan Inchuan shahrida tashkil etildi. Inchuan – Xitoyning qadimiy va mashhur shaharlaridan biri bo‘lib, o‘zining g‘aroyib tarixi hamda go‘zal tabiat manzaralari bilan ajralib turadi.
Ayni chog‘da bu o‘ta zamonaviy “aqlli shahar”da rang-barang madaniyatlar o‘z mujassamini topgan. Shu bois haqli ravishda Inchuan –Buyuk ipak yo‘lining durdonalaridan biri sifatida ulug‘lanadi.
– Xitoy bilan hamkorlik aloqalarimizni rivojlantirishning mohiyati va ahamiyati nimada?
– Shu yil oktyabr oyining boshida butun jahon hamjamiyati xitoy xalqi bilan hamjihatlikda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganligining 75-yilligini nishonladi. Ana shu tarixan qisqa davrda Xitoy o‘z taraqqiyotida misli ko‘rilmagan darajada ulkan yutuqlarga erishdi.
Xitoy Xalq Respublikasi qashshoq va qoloq mamlakatdan jahon iqtisodiy o‘sishini ta’minlaydigan beqiyos kuch-qudrat manbaiga aylandi. Bunda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘lida qo‘lga kiritgan olamshumul natijalari katta ahamiyat kasb etdi va bugungi kunda ayni samarador omillar butun jahonning diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
Xitoy dunyodagi beqarorliklarning oldini olishga qaratilgan ko‘plab global tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Barqarorlikka oid bu g‘oyalar mamlakatda asriy islohotlar sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgani bilan ahamiyatlidir.
Xitoy hukumati milliy modernizatsiyani hayotga tatbiq etish jarayonida asosiy e’tiborni xalq farovonligini ta’minlashga qaratmoqda. Ya’ni, islohot va taraqqiyot avvalo har bir xitoylikning munosib yashashiga xizmat qilsin, degan yondashuvga tayanilmoqda. Xuddi shu konsepsiya Xitoyda kambag‘allikka barham berishda hal qiluvchi rol o‘ynagani e’tiborga sazovor.
Natijada Xitoy xalqi 40-yil ichida qashshoqlik va yo‘qchilik domidan qutilib, endilikda munosib va barqaror turmush sharoitlarida hayot kechirmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan davrda 700 million nafardan ortiq xitoylik kambag‘allik holatidan chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Innovatsiyalarga tayanadigan davlat sifatida Xitoy iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarini muntazam oshirib bormoqda. Mamlakat hatto “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish sohasida ham muayyan natijalarga erishgani tufayli allaqachon ekologik toza mahsulotlarning jahondagi yirik bozoriga aylanib ulgurdi.
Boshqacha aytganda, Yangi Xitoyning 75-yillik rivojlanish yo‘li – barqarorlik, taraqqiyot, yuksalish va yorug‘ kelajakka qat’iy ishonchning yorqin namunasidir. Taraqqiyotning xitoycha modeli sotsializm va bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarini o‘zida omuxtalashtirgan bo‘lib, o‘z navbatida, bunday noyob usul Xitoyning iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlat maqomini egallashini ta’minlamoqda.
Xitoy erishgan ulug‘vor yutuqlar haqida so‘z borganda, faqat iqtisodiy samaralar tafsilotlari bilangina cheklanmay, balki ijtimoiy siyosat, infratuzilmalar va texnologiyalar sohalarida qo‘lga kiritilgan yangidan yangi marralar xususida ham fikr yuritish lozim, deb o‘ylayman.
Bu o‘rinda, ayniqsa, Xitoy aholisining nihoyatda ko‘pligi va global muammolarning halokatli ta’sirlariga qaramasdan, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va barqarorlikni saqlab turishdek ikkita noyob mo‘jizaga erishilganligi har qancha tahsinga loyiq. Bugungi kunda Xitoy – jahon iqtisodiyotining yuragidir. Sayyoramiz hayotining pandemiyadan keyingi og‘ir va murakkab sharoitlarida ham mamlakat iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgani buni amalda tasdiqlab berdi.
Xitoy hozirda o‘z iqtisodiyotining barqarorligi xususiyati bilan jahon iqtisodiyoti barqaror rivojlanishi uchun munosib hissa qo‘shmoqda. Binobarin, bir tomondan, mamlakat jahon bozoriga tobora ko‘plab tovarlar yetkazib berayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tashqi bozorlardan ham ko‘pdan ko‘p mahsulotlarni muntazam xarid qilmoqda.
Shu omillarning o‘zi ham Yangi O‘zbekistonning Yangi Xitoy bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishi g‘oyat manfaatli ekanidan dalolat beradi, nazarimda. Yurtlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida necha ming yillik tarixiy hamkorlik aloqalari mavjudligi esa, albatta, alohida mavzudir.
– Inchuan shahriga tashrifingiz qanday boshlandi?
– Tashrifning birinchi kuni “Xitoy – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy Xalq Siyosiy maslahatlashuv Kengashi Milliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Shanxay hamkorlik tashkilotining Yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik bo‘yicha Xitoy qo‘mitasi raisi Shen Yueyue bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Shen Yueyue 2024-yil O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari tarixida yangi davrni boshlab berganligini ta’kidlar ekan, O‘zbekistonda muhim siyosiy voqea – Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazilayotganiga qaramay, mamlakatimiz delegatsiyasining bunday tashrifi ikki tomonlama aloqalar yuqori darajaga yetganligining yaqqol namunasi ekanligini e’tirof etdi. Xitoy tomoni O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan norma va prinsiplariga muvofiq “Yagona Xitoy” siyosatini, mamlakat suvereniteti, hududiy yaxlitligini izchil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Parlamentlararo hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda asosiy omillardan biri hisoblanadi. Joriy yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.Narbayevaning Xitoyga tashrifi samarali bo‘ldi. Tashrif davomida Xitoy Xalq Siyosiy maslahatlashuv Kengashi Milliy qo‘mitasi raisi Van Xunin bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Bizning tashrifimiz doirasida ham parlamentlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni chuqur rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xitoy tomoni O‘zbekiston parlamenti bilan aloqalarni kengaytirish, hamkorlikni mustahkamlash va o‘zaro almashinuvni ko‘paytirishga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumki, Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo va sarmoyaviy hamkori hisoblanadi. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 50 foizga o‘sib, 14 mlrd dollarga yetgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida bu ko‘rsatkich 9,85 mlrd dollardan oshdi. O‘z navbatida, davlatlarimiz rahbarlari tomonidan o‘zaro savdo hajmini 20 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha berilgan topshiriqni yaqin yillarda yakunlash uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikda muhim bo‘lgan transport sohasida ham qator yutuqlarga erishildi. Joriy yilning iyun oyida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha birinchi amaliy qadam qo‘yilib, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy hukumatlari o‘rtasida tegishli bitim imzolandi.
– Muloqotlarda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalari ham ko‘tarildimi?
– Albatta, uchrashuvlarimizda O‘zbekiston-Xitoy madaniy-gumanitar hamkorligi jadal rivojlanayotganligi alohida ta’kidlandi. Xususan, yil boshidan buyon Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlari va O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, Xitoyning kasb-hunar ta’limi tizimini joriy etishga qaratilgan “Lu Ban” ustaxonasi tashkil qilingani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘z navbatida, tarixiy filmlarni tasvirga olish uchun kinematografiya sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilishini tezlashtirish, o‘zaro “turizm yili”ni o‘tkazish takliflari ilgari surildi. Xitoy tomoni 2025-yilda Xitoyning ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini jalb qilgan holda qo‘shma filiallar va o‘quv dasturlarini yaratish uchun O‘zbekistonda ikkinchi ta’lim forumini o‘tkazishga tayyorligini ham ma’lum qildi.
Samimiy suhbatlar asnosida hududlararo hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning muhim omiliga aylanib, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikda yangi o‘sish nuqtasi deb baholanayotganiga amin bo‘ldik. Buni, jumladan, 2023-yilda O‘zbekistonning barcha viloyatlari hokimlari Xitoyga tashrif buyurgani, shuningdek, joriy yil yanvar oyida Urumchi shahrida O‘zbekiston – Xitoy birinchi hududlararo forumi o‘tkazilgani ham isbotlaydi.
Bizning delegatsiyamiz tarkibida bir qancha hududiy rahbarlar Xitoyga tashrif buyurganligi hududlararo hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjud ekanligidan yana bir dalolatdir. Delegatsiyamiz qatnashgan nufuzli Forum esa “yashil rivojlanish”, “yashil sanoat”, “qishloq xo‘jaligi” va “raqamlashtirish” sohalarida o‘zaro aloqalar o‘rnatish uchun qulay imkoniyat hisoblanadi.
Shuningdek, Xitoy tomoni 2025-yilda Samarqandda Ikkinchi hududlararo forum o‘tkazilishini to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Bo‘lajak Forumning maqsadi – hududlararo hamkorlik imkoniyatlarini amalda namoyon etishdir.
– “Xitoy – Markaziy Osiyo” XI hamkorlik forumida so‘zga chiqqanlar asosan qaysi masalalarga e’tibor qaratdilar?
– Hamkorlik forumining ochilish marosimi 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Xitoy Xalq Siyosiy maslahatlashuv Kengashi Milliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Shanxay hamkorlik tashkilotining Yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik bo‘yicha Xitoy qo‘mitasi raisi Shen Yueyue, Ninsya–Xuey avtonom rayoni Kommunistik partiya qo‘mitasi kotibi Li Ifey, Shanxay hamkorlik tashkiloti kotibi Chjan Min kabi xitoylik nufuzli rasmiy shaxslar ishtirok etdi. Bu o‘rinda forumga mezbonlik qilgan Inchuan shahri Xitoyning Ninsya–Xuey avtonom rayoni hududida joylashganligini aytib o‘tish lozim.
Forumda, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi bilan bir qatorda Qirg‘iziston Bosh vazirining o‘rinbosari E.Baysalov, Tojikiston Bosh vazirining o‘rinbosari Z.Sulaymon hamda mintaqaning Pekindagi diplomatik vakolatxonalari, Xitoyning provinsiya va shaharlari vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar ushbu Forum 2023-yil Sian shahrida o‘tkazilgan birinchi "Xitoy – Markaziy Osiyo" sammiti yakunida qabul qilingan Deklaratsiyani amalga oshirish va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish uchun muhimligini ta’kidladilar.
Forum ishida avvalboshdanoq hududlararo hamkorlik, yashil rivojlanish, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, energetika, soliq va tabiiy ofatlarga qarshi kurashish kabi masalalar ilgari surilgani ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga yangi turtki berdi. Shu ma’noda, “Xitoy – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi do‘stona hamkorlik va mamlakatlarimizning umumiy kelajagi uchun yangi ufqlarni ochganligi e’tirof etildi.
Yanada muhimi: “Xitoy – Markaziy Osiyo” XI hamkorlik forumi minbaridan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni tubdan kuchaytirish, o‘zaro do‘stona almashinuvlarni mustahkamlash, yaqin hamkorlikni yangi bosqichlarga ko‘tarishga qaratilgan bir qator amaliy takliflar ilgari surildi. Jumladan, o‘zaro hamjihatlikda:
birinchidan, yashil rivojlanishni rag‘batlantirish, botqoqli yerlarni boshqarish sohasida almashinuv va hamkorlikni oshirishni davom ettirish, tabiatni muhofaza qilish, cho‘llanishni, sho‘r yerlarni sug‘orish shaklida o‘zlashtirishda yashil texnologiyalarni joriy etish;
ikkinchidan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda davom etish, qishloq xo‘jaligi, energetika, suvdan foydalanish sohalarida an’anaviy hamkorlik salohiyatini to‘liq aniqlash, moliya, yashil rivojlanish va raqamli innovatsiyalarning yangi o‘sish nuqtalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish;
uchinchidan, tashqi dunyoga ochiqlikni kengaytirish, “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida logistika yo‘laklarini qurish, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, qulay, sifatli va samarali xizmatlar orqali mintaqa mamlakatlaridan investitsiyalarni jalb qilish uchun birinchi darajali bozor, huquqiy xalqaro ishbilarmonlik muhitini rag‘batlantirish;
to‘rtinchidan, birodar shaharlar hamkorligi rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy hukumatlar va jamoat tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro tashriflarni kuchaytirish, ilm-fan, texnologiya, ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida, shuningdek, yoshlar va xotin-qizlar kun tartibida innovatsion hamkorlikni kengaytirish kabi masalalarga alohida urg‘u berildi.
– Ishtirokchilar “Xitoy – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumining samaradorligiga ham baho berdilarmi?
– “Xitoy – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumiga asos solinganidan buyon uning faoliyat ko‘lami izchil kengayib, ta’sir doirasi tobora ortib bormoqda. Binobarin, Xitoy bilan mintaqamizning beshta mustaqil davlati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik hamda birgalikdagi taraqqiyot borasida erishilgan ayni shu kelishuv tufayli an’anaviy do‘stlik, birdamlik va hamjihatlik kitobi sahifalariga yangidan yangi yutuqlar bitilmoqda.
Bu Forum noyob muloqot maydoni sifatida bizga Xitoy bilan mintaqa davlatlarining hamkorligi istiqbollarini muhokama qilish imkonini yaratmoqda. Xitoy xalqi maqolida aytilganidek, “Yangi uchrashuv va do‘stona muloqotlar hamma narsadan qadrlidir”.
Forumda so‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik allaqachon jadal rivojlanish orbitasiga kirganligi ta’kidlandi. Hamkorlikning, jumladan, quyidagi amaliy natijalari sanab o‘tildi:
birinchi amaliy natija – har hafta Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida 70 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lovchi reyslar amalga oshirilmoqda;
ikkinchi amaliy natija – Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston temir yo‘l loyihasini birgalikda ilgari surish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi va ushbu yangi strategik yo‘nalish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘tishi uchun yangi "yashil yo‘lak" nazorat punktlari yo‘lga qo‘yildi, Qozog‘iston orqali transkaspiy avtomobil yo‘li ishga tushirildi, Xitoy – Yevropa yo‘nalishi bo‘yicha yuk poyezdlarining qatnovlari soni 10 mingtadan ortib, hajmi 9 foiz oshdi;
uchinchi amaliy natija – mamlakatlarimiz o‘rtasida elektron savdo, yashil rivojlanish, sun’iy intellekt, avtomobilsozlik, energetika kabi yangi yo‘nalishlar rivojlanmoqda;
to‘rtinchi amaliy natija – madaniy-gumanitar almashinuv yangi bosqichga chiqdi. O‘zaro madaniyat, turizm yillari muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Xitoyning an’anaviy tibbiyot markazlari universitetlarining filiallari ochildi, birodar shaharlar soni 80 tadan ortdi.
– Forumning natijadorligini yanada oshirish yuzasidan qanday yangi amaliy takliflar o‘rtaga tashlandi?
– Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida erishilgan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish, tomonlarning asosiy manfaatlariga oid masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlash muhimligiga e’tibor qaratildi. O‘zaro munosabatlarimizning moddiy bazasini soddalashtirish maqsadida yashil hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, an’anaviy va yangi sohalarda aloqalarni rivojlantirish, kambag‘allik, qurg‘oqchilik bilan kurashish qabi sohalarda tajriba almashish, qishloqlarni rivojlantirish borasida hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, “Xitoy – Markaziy Osiyo” formatining institutsional shakllanishi masalalari ko‘tarildi. Xususan, tomonlar o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida vazirlar darajasida hamkorlik mexanizmlarini yaratish, "Xitoy – Markaziy Osiyo" formati kotibiyatining rolini to‘liq aniqlash, Xitoyda o‘tkaziladigan vazirlar yig‘ilishi va 2025-yilda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi sammitga tayyorgarlik ko‘rish va formatni birgalikda takomillashtirish va mustahkamlash uchun hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashdilar.
Hududlararo hamkorlikni doimiy ravishda yangi mazmun bilan boyitish va mustahkamlash, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik shakllarini takomillashtirish, mavjud Xitoy-Qozog‘iston va Xitoy-O‘zbekiston hududlararo forumlari, shuningdek, Xitoy-Qirg‘iziston ishbilarmonlar uchrashuvlarini faol davom ettirish muhimligi qayd etildi. Bunda o‘zaro manfaatli munosabatlarni shakllantirish maqsadida tijorat muzokaralari hamda nomoddiy va gumanitar sohalarda hamkorlik salohiyatini ochish, birodar shaharlar sonini 100 taga yetkazish, o‘zaro tashriflarni amalga oshirish maqsadga muvofiq, degan fikrga kelindi.
Forum ishtirokchilarining yakdil fikricha, teng va tartibli ko‘p qutbli dunyoni, ochiq va inklyuziv iqtisodiy globallashuvni targ‘ib qilish, xalqaro huquqqa asoslangan tartibni qat’iy qo‘llab-quvvatlash, umumqabul qilingan huquq va manfaatlarni qat’iyat bilan himoya qilib, dunyo tinchligi va global taraqqiyotni saqlashga munosib hissa qo‘shish juda muhimdir.
– Forumdan olgan yorqin taassurotlaringizdan bittasini baham ko‘ra olasizmi?
– Bilasizki, Markaziy Osiyo xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik, quda-andachilik rishtalari bog‘lab turadi. Xalqlarimiz hamisha bir-biriga yelkadosh va hamjihat bo‘lib yashab kelgan. O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Bizni yagona tarix, yagona din, umumiy madaniyat va an’analar birlashtiradi”.
Ana shu hayotiy hikmat Inchuan shahrida o‘tgan Forumda yana bir bor amalda namoyon bo‘ldi, desam, yanglishmayman. Forum minbaridan qo‘shni va qardosh davlatlarning nufuzli vakillari o‘z mamlakatlari va umummintaqaviy ahamiyatga molik muhim takliflarni bildirdilar.
Forumda biz ham ayni taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladik. Zero, bizga Millat Sardori uqtirganlaridek, “mintaqaviy integratsion jarayonlar qo‘shnilar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirishga asoslanishi, har birimiz qo‘shnimizning yutug‘ini – o‘zimizning ham yutug‘imiz, uning tinch va farovon hayotini – butun mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni saqlashning garovi, deb bilishimiz lozim”.
– O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari haqida qanday fikrlar bildirishingiz mumkin?
– Hozirgi kunda O‘zbekiston bilan Xitoy buyuk sivilizatsiyaning qadimiy o‘lkalari sifatida ikki tomonlama hamkorlikning tarixiy yuksalish pallasida turibdi. Bunda, bir tomondan, Xitoy o‘zining modernizatsiyalashtirish uslubini tobora jadallashtirayotgani, boshqa tomondan, mamlakatimiz “O‘zbekiston-2030” strategiyasini barcha sohalarga izchil tatbiq qilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro hamkorligimiz samarasiga bir misol: BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston va Xitoy tomonidan Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kunini belgilash bo‘yicha taklif qilingan rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi. Binobarin, 10-iyun – Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni, deb e’lon qilindi.
Ushbu rezolyutsiya xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in kutib olindi va keng qo‘llab-quvvatlandi. Binobarin, O‘zbekiston Xitoyning Global sivilizatsiya tashabbusini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. E’tiborlisi, O‘zbekiston Xitoyning taklifiga binoan "Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni" rezolyutsiyasini ishlab chiqishda asosiy guruh a’zosi sifatida faol ishtirok etdi va rezolyutsiyaning qabul qilinishiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Xitoy – O‘zbekistonning savdo-sotiq va investitsiya bo‘yicha eng yirik hamkorlaridandir.
O‘zbekiston yagona Xitoy prinsipini ma’qullaydi. Biz birgalikda “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi qat’iy kurash olib bormoqdamiz. Mamlakatlarimiz sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish borasida ham jahon ahliga munosib namuna bo‘lmoqda.
Xitoylarda shunday maqol bor: “Mehnat-mashaqqat chekmasang, tuproq ichidan oltinni ajratib olishing mushkul”. O‘zbek xalqining mana bu maqollari shu mantiqqa o‘ta uyg‘un, ya’ni: “Tog‘ga chiqmasang, do‘lona qayda” yoki “Tekinga osmondan chalpak yog‘maydi”.
Muxtasar aytganda, mamlakatlarimizning obod va xalqlarimizning baxtli hamda farovon bo‘lishini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizda o‘zaro birdam va hamjihatlikda ish tutsak, shundagina faoliyatimiz yanada natijador bo‘ladi. Inchuan shahrida bo‘lib o‘tgn “Xitoy – Markaziy Osiyo” XI hamkorlik forumida shular haqida atroflicha musohaba qildik.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2024-yil 29-oktyabr kungi 219 (1280)-soni
- Qo'shildi: 29.10.2024
- Ko'rishlar: 600
- Chop etish