O‘tgan haftaning 18-oktyabr kuni poytaxtimizdagi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati (WOSCU) konferensiya zalida o‘z ishini boshlagan Madaniy meros forumi qizg‘in davom etmoqda. “Sharq renessansi fenomeni: davlatlar, dinlar va sivilizatsiyalar” mavzusida bo‘lib o‘tayotgan mazkur xalqaro anjumanda 100 dan ortiq xorijiy olimlar va mutaxassislar, jumladan, xalqaro madaniy tashkilotlar rahbarlari, chet el muzeylari va kutubxonalarining boshqaruvchilari qatnashmoqda.
Xalqaro tadbirning ochilish marosimida Yangi O‘zbekistonda davlat tomonidan fan, madaniyat, ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi. Filmda davlatimiz rahbari tomonidan madaniy merosni o‘rganish va saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, ta’lim dasturlarini joriy etish, WOSCU kongresslarini o‘tkazish kabi tashabbuslar yoritilgan. Quvonarlisi shundaki, bu kabi tashabbuslar O‘zbekiston madaniyati va san’atini, tarixini nafaqat xorijliklarga namoyish qilishga, ayni paytda chet ellik hamkorlar bilan tajriba almashishga, o‘zaro muloqotlarni jonlantirish, do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
– O‘tayotgan haftalik Islom sivilizatsiyasi markazi uchun muhim ahamiyatga ega, – dedi ushbu markaz direktori, Madaniy meros haftaligining muvofiqlashtiruvchisi Firdavs Abduxoliqov. – Chunki tadbir doirasida Markazimiz oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar ijrosi amalda namoyish etilib, navbatdagi vazifalar ko‘lami ayon bo‘ladi. Ayni paytda ushbu xalqaro anjuman xorijlik hamkorlar bilan yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, yurtimizning madaniy merosini saqlash, asrab-avaylash hamda uni o‘rganish va ommalashtirish borasida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Haftalik davomida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar anjumanning mazmun-mohiyati, uning xalqaro miqyosdagi ahamiyati va ko‘lamini yaqqol ko‘rsatib turdi. “Sharq Renessansi fenomeni: saltanatlar, dinlar va tamaddunlar”, “Islom dini – insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va ma’rifatparvarlikka eltuvchi din”, “Asrlar xazinalari: O‘zbekiston qo‘lyozmalar merosi”, “Birinchi Renessans kashfiyotlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga ta’siri”, “Temuriylar davriga sayohat”, “Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy innovatsion muzeyiga global tendensiyalar hamda yangi formatlarni taqdim etish”, “Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasidagi islohotlar” kabi turli mavzudagi xalqaro forumlar, simpoziumlar yurtimizda madaniy merosni o‘rganish va saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamining kengligi hamda mazmundorligidan dalolat beradi.
Anjuman doirasida tashkil etilgan arxeologiya va etnografiya durdonalariga, O‘zbekistondagi qo‘lyozmalar merosiga, tinchlik, ezgulik va ma’naviy uyg‘onish yog‘dusi bo‘lmish Qur’onga bag‘ishlangan hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyidagi yangi ko‘rgazmalar, Kino san’ati tarixi muzeyidagi qiziqarli loyiha taqdimotlari barcha qatnashchilarda yorqin taassurot qoldirdi.
Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqot markazi (IRCICA) bosh direktori o‘rinbosari Jengiz Tomar, Namik Kemal universiteti tarix kafedrasi professori Xalit Eren (Turkiya), Wilmotte & Associates yetakchi dizayneri va loyihalar rahbari Emmanuel Brello (Fransiya), Berlin davlat kutubxonasi Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Aysima Mirsulton (Germaniya), Istanbuldagi Islom sivilizatsiyasi sayilgohi rahbari, Qur’onning Istanbuldagi noyob ko‘chirma nusxalari muallifi Husayn Qutlu (Turkiya), Mixo muzeyi maxsus ilmiy xodimi, fan doktori Sergey Laptev (Yaponiya) va boshqa xalqaro ekspertlarning maxsus chiqishlarida Sharq renessanslarining dunyo miqyosidagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Ayniqsa, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” simpoziumi davomida Turk qo‘lyozmalari boshqarmasi prezidenti Jo‘shqun Yilmazning 1318-yili Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon tomonidan ko‘chirilgan Qur’oni Karimning nodir qo‘lyozmasi mazkur boshqarmaga qarashli Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgani va ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi bilan hamkorlikda uning faksimile nusxasini chop etish niyatida ekanliklari haqidagi xushxabari ishtirokchilarni juda quvontirdi. Shuningdek, Istanbul universiteti professori, doktor Emek Umenmezning Amir Temur avlodidan bo‘lgan Malika Shodmalik Xotun qo‘li bilan yozilgan Qur’oni Karim haqidagi ma’ruzasi ma’lum ma’noda haftalikning kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. Ma’ruzada aytilishicha, bu qo‘lyozma hijriy 871, milodiy 1467-yili ko‘chirilgan bo‘lib, Istanbuldagi Turk va islom asarlari muzeyida saqlanadi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Tirik tarix” loyihasi taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirlar, kutubxona innovatsiyasi an’analariga oid xalqaro anjuman ham tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.
Bugun, forum ishining so‘nggi kunida qatnashchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuradi hamda “Sharq miniatyuralarida tarixiy shaxslar” deb nomlangan loyiha taqdimotida ishtirok etadi. “Uchinchi Renessans: Yangi O‘zbekistonda madaniy-tarixiy merosni o‘rganish, saqlash va ommalashtirish fenomeni” deb nomlangan yakuniy yalpi majlis va madaniy meros haftaligining yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Jengiz TOMAR,
Turkiya Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqot markazi bosh direktori, professor:
– Yetti-sakkiz yildirki, O‘zbekistonda juda katta o‘zgarishlar yuz beryapti. Buning uchun davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevga minnatdorligimizni bildiramiz. Zero, so‘nggi yillarda Turkiya va Islom olamida, ayniqsa, ilm-fan va madaniyat sohasida munosabatlarimiz doirasi kengaydi. Turk dunyosining eng rivojlangan davlatlaridan biri qadimdan Turkiston bo‘lgan. Turkiston deganda, ko‘z oldimizga, eng avvalo, O‘zbekiston keladi.
Bizning O‘zbekiston bilan o‘xshash tomonlarimiz ko‘p. Ma’lumki, bugun Turkiya dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri. O‘zbekiston ham mintaqa geografiyasida alohida mavqega ega. Bugun o‘zaro munosabatlar borasida shunday imkoniyatlar yuzaga keldiki, bundan faqat xursand bo‘lishimiz kerak. Ya’ni biz bir hafta O‘zbekistonda bo‘lsak, keyingi hafta o‘zbeklar Turkiyaga boradi. Hamkorligimiz shu tariqa yanada mustahkamlanib boraveradi.
Kezi kelganda, o‘zaro munosabatlarimizda jadidlar harakatining alohida o‘rni borligini aytish lozim. Zero, yurtlarimiz hayotida jadidlar harakati juda muhim o‘rinni egallaydi. Madaniy-ma’rifiy jabhadagi keng ko‘lamli hamkorliklarimiz ildizlari jadid bobolarimizga borib taqaladi.
Karim IFRAK,
Fransiya Milliy ilmiy-tadqiqotlar markazi ijrochi direktori, islomshunos olim:
– Qur’on qo‘lyozmalarini dunyoning boshqa kutubxona va muzeylaridan ham topish mumkin. Biroq aynan O‘zbekistondagisi alohida bir mavzu. Bu yerda tadqiqot olib borish davomida shunga amin bo‘ldikki, aynan yurtingizda saqlanayotgan Qur’on qo‘lyozmalari boshqa kutubxona va fondlarda topilmaydi, juda kamyob. Bunga Katta Langar Qur’oni va Islom Qur’on mus’haflarini misol qilib keltirish mumkin. O‘zbekiston fondlarida saqlanayotgan Qur’on qo‘lyozmalari bizni ilhomlantirib, yanada chuqur tadqiqot olib borishga undamoqda. Ilmiy izlanishlar davomida mazkur qo‘lyozmalar noyobligi bilan bizni o‘ziga tobora jalb etyapti.
Zero, musulmon dunyosi madaniy merosi tadqiqotchilar uchun ming yillar davomida o‘rganishga arzirli muhim manbalarga ega. Qadim Movarounnahrda to‘plangan ilmiy, ma’naviy meros, noyob asarlar haligacha butun dunyo ahlini hayratlantirib keladi.
Qo‘limizdagi telefon, har kuni ishlatayotgan zamonaviy texnologiyalarimiz, hatto sun’iy yo‘ldosh – hammasining ortida Muhammad Xorazmiy chekkan zahmatlar, kashfiyotlar turibdi. Shu ma’noda aytish mumkinki, insoniyat tarixida musulmon sivilizatsiyasidek favqulodda hodisa kuzatilmagan.
Umida TESHABOYEVA,
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori:
– O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, san’ati, ma’naviyati, ilmi boy. Shu sabab ham dunyo hamjamiyatining yurtimizga qiziqishi katta. Madaniy meros haftaligini o‘tkazishdan asosiy maqsad mana shu madaniy merosimizning buyukligini, qadrini, jahonga keng targ‘ib qilish va eng avvalo, yoshlarimizga yetkazishdir.
Haftalik doirasida sakkizta ilmiy maydonda turli mavzuda tashkil etilgan tadbirlar davomida turfa ko‘rgazmalar, ilmiy anjumanlar, kitob taqdimotlari o‘tkazilyapti. Bu anjuman qatnashchilari va mehmonlari uchun muhim manba bo‘ladi, degan umiddaman. Shuningdek, xorijdan tashrif buyurgan taniqli olimlar va mutaxassislarning chiqishlari ham yurtdoshlarimiz uchun foydali bo‘layotir.
Forum dasturiga muvofiq “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessansning kutubxona innovatsiyasi an’analari asosida” deb nomlangan anjuman O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazildi. Tadbir yurtimizda so‘nggi yillarda axborot-kutubxona sohasida olib borilayotgan islohotlar mohiyatini ochib berishga bag‘ishlandi. Mazkur tadbir tufayli chet ellik hamkasblarimiz bilan tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldik.
Gulchehra UMAROVA
Abdumannon MAMATOV olgan suratlar
- Qo'shildi: 29.10.2024
- Ko'rishlar: 616
- Chop etish