2-noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun
jazosiz qolishga barham berish xalqaro kuni
BMT Bosh Assambleyasining 2013-yil 18-dekabrda qabul qilingan rezolyutsiyasiga muvofiq, 2-noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolishga barham berish xalqaro kuni, deb e’lon qilingan. Bunda jurnalistlar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan va jamiyatning ishonchli axborot olish huquqini toptaydigan xavotirli holatga dunyo hamjamiyati e’tiborini jalb qilish maqsadidan kelib chiqilgan.
Bu xalqaro sananing muxtasar tarixi dalolat berishicha, aynan 2013-yil 2-noyabrda fransiyalik ikki jurnalist Gislen Dyupon (Ghislaine Dupont) va Klod Verlon (Claude Verlon) tahririyat topshirig‘iga binoan Malidagi qurolli mojaroni yoritish paytida jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va o‘ldirilgan. Ayni voqea jamoatchilik orasida kuchli aks-sado bergani munosabati bilan BMT jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlikni va ularning o‘z faoliyatini bajarishiga to‘sqinlik qilishni qoralab chiquvchi hujjatni qabul qilgan.
Ushbu dolzarb masala haligacha jahon hamjamiyati diqqat markazida bo‘lib kelayotgani bejiz emas. Chunki 2006-2020-yillar davomida dunyoda dolzarb voqealarni yoritgan va jamoatchilik e’tiboriga yangiliklarni yetkazgan 1 ming 200 nafardan ortiq jurnalist o‘ldirilgan.
YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning faqat 10 foizi bo‘yicha sudlarda hukm chiqarilgan. Qolgan 90 foizida zarur resurslarning yetishmasligi yoki jinoyat sodir qilingan davlat rahbariyatida siyosiy iroda yo‘qligi bois jinoyatchilar jazosiz qolgan.
Bu hol afsuslanarli va juda xavotirlidir. Chunki bunday jazosizliklarning yanada yomon oqibatlari bor.
Birinchidan, jinoyatchilarning jazosiz qolishi jurnalistlarni qo‘rquvga soladi, jinoyatchilarga esa dadillik beradi.
Ikkinchidan, jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolish jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, hukumatlarga senzurani davom ettirishga yo‘l ochadi.
Uchinchidan, bunday jazosizlik jamiyatning sud tizimiga ishonchini yo‘qotadi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, butun dunyoda 2023-yilda 70 dan ortiq jurnalist o‘z vazifalarini bajarayotganida o‘ldirilgan. Bu jinoyatlarning aksariyati ochilmagan. Shu bilan birga, bugungi kunda rekord darajadagi jurnalistlar qamoqxonalarda qolmoqda. Ushbu raqamlar BMT Bosh kotibi va YUNESKO Bosh direktorining Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolishga barham berish xalqaro kuni munosabati bilan 2023-yilda yo‘llagan murojaatlaridan keltirildi.
Xususan, “Erkin matbuot – demokratiya amal qilishi, huquqbuzarliklar fosh etilishi, murakkab dunyomizda maqbul harakat qilish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun juda muhim”, – deydi Antoniu Guterrish. Bosh kotibning ta’kidlashicha, dezinformatsiya (ya’ni, yolg‘on axborot), internetda onlayn-bezorilik va ayol jurnalistlarga nisbatan nafratomuz so‘zlarning ayniqsa keng tarqalishi, o‘z navbatida, dunyo bo‘ylab ommaviy axborot vositalari xodimlarining ovozini o‘chirishga urinishlar uchun qo‘l kelayotir.
“Jurnalistlarning huquqiy, moliyaviy va boshqa vositalarni suiiste’mol qilgan holda qo‘rqitilayotgani qudratga ega shaxslarni qonuniy javobgarlikka tortish harakatlariga putur yetkazayapti. Bunday tendensiyalar nafaqat jurnalistlarga, balki butun jamiyatga ham tahdid solmoqda”, – deb ogohlantirdi A.Guterrish.
Bosh kotib Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Harakatlar rejasini ham esga oldi. Mazkur hujjat barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun xavfsiz va erkin faoliyat muhitini yaratishga qaratilgan. “Bugun ushbu hujjatning 10-yilligini nishonlayotgan ekanmiz, hukumatlar va xalqaro hamjamiyatni jurnalistlarni himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga chaqiraman. Biz keng tarqalgan jazosizlik aqidasiga barham berishimiz va jurnalistlarga o‘zlarining muhim ishlarini bajarishlariga imkon yaratishimiz kerak”, – dedi pirovardida BMT rahbari.
YUNESKO Bosh direktori Odri Azule mazkur xalqaro sana munosabati bilan yo‘llagan murojaatida ayni Harakatlar rejasini “inqilobiy hujjat” deb atadi. Uning eslashicha, mazkur rejada jurnalistlarning faoliyati, jumladan, qurolli mojarolar va inqirozli vaziyatlarni yoritish, hokimiyat faoliyatini tekshirish, korrupsiya va turli ko‘rinishdagi adolatsizliklarni fosh etish borasidagi sa’y-harakatlari e’tirof etilgan.
YUNESKO o‘tgan yillar davomida adliya tizimining – 24 mingdan ortiq, huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik organlarining 11 ming 500 nafar xodimini so‘z erkinligi hamda jurnalistlar xavfsizligi, shu jumladan raqamli muhit bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘qitdi. "Shu kabi barcha sa’y-harakatlarimizga qaramay, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan jurnalistlar soni juda yuqoriligicha qolmoqda", – dedi tashvish bilan O.Azule. Shu nuqtayi nazardan, YUNESKO Bosh direktori ham jurnalistlarni himoya qilish choralarini yanada kuchaytirishga chaqirdi.
Xulosa o‘rnida O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan hamkasblarimizga yo‘llagan tabrigidagi ushbu fikrlarni havola qilamiz:
“Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora ko‘proq bo‘lishini taqozo etmoqda.
Ana shu talabdan kelib chiqqan holda, ko‘p qirrali professional bilim va malakaga, yuksak ma’naviy-intellektual fazilatlarga ega bo‘lgan zamonaviy jurnalist kadrlar tayyorlash bundan buyon ham ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, axborot maydonini sifatli va raqobatdosh milliy kontent bilan to‘ldirish masalasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotgani barchamiz uchun ayon haqiqatdir.
Shu bois, dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni milliy manfaatlarimizni hisobga olgan holda, tezkor va chuqur tahlillar asosida yoritib borish o‘ta muhim, deb o‘ylayman”.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 01.11.2024
- Ko'rishlar: 959
- Chop etish