18-noyabr — O‘zbekiston Respublikasi
Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
Bayroq – davlatning tuzumini, shu davlatda yashovchi xalqning tabiati, mentaliteti, iqtisodiy asoslari va boshqa muhim belgilarini anglatadigan gerb, milliy valyuta, madhiya kabi eng muhim timsollardan biri.
Bayroqning yoshi nechada? Uning ilk ixtirochisi kim?
Tarixiy manbalarda aytilishicha, mustaqil davlat va unda yashovchi fuqarolar daxlsizligi ifodasi hisoblanuvchi bu ramzni yaratish g‘oyasi ilk bor ming yillar muqaddam qadimgi ovchilar va jangchilar orasida tug‘ilgan. Dastlabki bayroqlar hayvon terisi yoki qush patlaridan yasalgani va ularda turli jonzotlar tasvirini aks ettirish an’anaga aylangani ham shundan dalolat beradi.
Bunda bayroq ajdodlarimizga jang yoxud safarlar chog‘ida o‘z yo‘lboshchilarini ko‘z-ko‘z etish va uni o‘zlari ham ko‘rib turishlari, shuningdek, do‘st-dushmanni olisdan tanib olishlari uchun nihoyatda zarur bo‘lgan. Ya’ni, bayroq davlatning ramziy belgilaridan biri sifatida shakllanishning uzoq tarixiy yo‘lini bosib o‘tgan.
Hozirgi davrda davlat bayrog‘ining ahamiyati ayniqsa yuksak hisoblanadi. Chunki xalqlarning mustaqillik uchun kurashi va bu yo‘lda erishgan g‘alabasi timsollari, jumladan, ular tuzgan davlatning bayrog‘ida ham o‘z aksini topmoqda.
Bashariyat tarixining barcha davrlarida barcha xalqlar uchun o‘z davlat ramzlari, xususan, Davlat bayrog‘i Vatan va istiqlol ramzi sifatida aziz hamda muqaddas sanalgan. Shu ma’noda, O‘zbekistonda – hali sobiq ittifoq, uning kuch-qudrati, siyosati, davlat ramzlari amalda bo‘lib turgan bir paytda – 1990-yil mart oyidayoq davlat ramzlari haqidagi masala parlament sessiyasida muhokama qilingani alohida e’tiborga sazovor.
Oradan ko‘p o‘tmay – 1990-yil 20-iyunda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasida O‘zbekiston o‘zining taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilashi va bayroq, gerb, madhiya kabi davlat ramzlarini o‘zi ta’sis etajagi qayd etildi. Istiqlol bu boradagi izchil izlanishlarga yangi kuch va ilhom bag‘ishladi.
O‘zbekiston 1991-yil 31-avgustda Davlat mustaqilligini e’lon qilgach, mamlakat parlamenti 1991-yil 18-noyabrda davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini tasdiqladi. Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Davlat bayrog‘i 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida konstitutsiyaviy maqomga ko‘tarildi. Ushbu norma Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 5-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlari davlat himoyasidadir”, degan mazmunda yanada mukammmallashtirildi.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida belgilanganidek, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir”.
Bunda:
Moviy rang – yurtimizdagi barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzi.
Oq rang – davlatimiz fuqarolarining o‘zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli.
Yashil rang – tabiatning yangilanishi hamda ona-yurtimizning bepoyon yeru serhosil dalalarining ifodasi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan. Ushbu tasvirlar ham xalqimizning azaliy qadriyatlariga asoslangan muhim timsollardir.
Davlat bayrog‘ini ko‘tarish bilan bog‘liq tartib-qoidalar “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan. Shuni ham aytish kerakki, Davlat bayrog‘i xalqaro maydonda: mamlakatimiz rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, anjumanlarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida O‘zbekiston Respublikasining timsoli hisoblanadi.
Shu o‘rinda 2023-yil 7-iyulda "O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun qabul qilingani alohida ahamiyatga egaligini ta’kidlash lozim. Rasmiy e’lon qilingan kundanoq kuchga kirgan ushbu qonun bilan Davlat bayrog‘idan foydalanilishi mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirildi. Jumladan:
- bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;
- bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;
- xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish mumkin.
Mamlakatimizda davlat ramzlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat bayrog‘ini hurmat qilishda fuqarolarning zimmasiga muayyan majburiyat yuklanadi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham Davlat bayrog‘ini hurmat qilishlari shart.
Shu nuqtayi nazardan, yangi qonunda bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilandi. Xususan:
- bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;
- biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanish;
- stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash;
- kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
- bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakga, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;
- bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-ahloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.
Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan belgilangan talablarga muvofiq foydalanish uchun mas’uliyat bayroqdan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari zimmasiga yuklatiladi.
Bu boradagi huquq va mas’uliyatimiz qonun bilan belgilab qo‘yilgani bejiz emas. Chunki Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi, Davlat madhiyasi – O‘zbekiston xalqining shon-sharafi, g‘ururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Ushbu milliy davlatchiligimiz ramzlarini e’zozlash – o‘zining qadr-qimmatini, o‘z mamlakatiga va shaxsan o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash ramzidir.
Davlatchiligimiz tarixining qaysi bir davrini olib qaramaylik, davlat ramzlari Vatan timsoli sifatida hamisha aziz va muqaddas ramzlar sifatida g‘oyat e’zozlangan. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i – ana shunday yuksak e’zoz va e’tirofga munosib davlat ramzidir.
Ushu timsol – bugungi kunda mamlakatimiz Prezidenti saroyida, Oliy Majlis, O‘zbekiston hukumati, mahalliy davlat idoralarida, O‘zbekistonning turli vakolatxonalari ish olib borayotgan xorijiy mamlakatlarda, BMT va boshqa qator xalqaro tashkilotlar qarorgohida mag‘rur hilpirab turibdi.
Shunday qilib, O‘zbekistonning mustaqilligi ramzi va Vatanimiz timsoli – Davlat bayrog‘i o‘zida o‘zbek xalqining asriy orzu-istaklari, shon-sharafi va xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Shu bois Davlat bayrog‘i barchamizning faxr-iftixorimiz ifodasidir.
Yanada muhimi, Davlat bayrog‘i – har bir o‘zbek uchun, o‘zbekistonlik uchun ona Vatan kabi aziz va muqaddas. Shuning uchun ham Davlat bayrog‘ini asrab-avaylash, Vatanni sevish, jonajon xalqimiz uchun jonni fido qilishga tayyor bo‘lish – har birimizning oliy burchimizdir.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 18.11.2024
- Ko'rishlar: 714
- Chop etish