20-noyabr kuni Toshkent shahrida “Qonun bilan ziddiyatda bo‘lgan bolalarga nisbatan ozodlikdan mahrum etishning muqobil usullari va javobgarlikdan ozod qilish choralari” mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) va YUNISEF tomonidan tashkil etildi.
Davra suhbati ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Ochilov so‘zga chiqdi. Shuningdek, Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijioning tabrik so‘zlari o‘qib eshittirildi.
Bola huquqlari – bugungi kunning dolzarb mavzularidan biri ekani ta’kidlandi. Chunki, bir tomondan, 20-noyabr – Butunjahon bolalar kuni, ikkinchi tomondan, 1989-yil 20-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bola huquqlariga oid muhim xalqaro hujjat – Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilingan. Shu ma’noda, ushbu Konvensiyaning 35-yilligi bilan Butunjahon bolalar kuni birga nishonlanmoqda.
O‘tgan davrda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi dunyo miqyosida bolalar huquqlarini himoya qilish va ta’minlashda katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu Konvensiya milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirishda ham muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bola huquqlarini ta’minlash masalasi O‘zbekiston uchun eng ustuvor maqsadlar sirasiga kiradi. Chunki aholisining 40 foiziga yaqinini bolalar va yoshlar tashkil qilgan mamlakatimizda bola huquqlarini har jihatdan ta’minlash prinsipial ahamiyatga ega. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, birinchi bo‘lib 1992-yil 9-dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalarning ichida Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani buning yaqqol namunasidir.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda voyaga yetmaganlar uchun odil sudlov tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda mamlakatimizda jinoiy huquqbuzarlikda ayblangan bolalarga nisbatan jinoiy ta’qibdan chetlashtirish, vositachilik va maslahat berish kabi choralarni qo‘llash va zarur hollarda, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni, masalan, shartli jazo yoki jamoat ishlarini qo‘llashni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar kiritish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim.
Bolalar uchun odil sudlov bo‘yicha xalqaro ekspert, BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining sobiq raisi Renate Vinter davra suhbati mavzusi bilan bog‘liq xalqaro standartlar va ilg‘or amaliyotga oid ma’lumotlarni taqdim etdi. Xususan, R.Vinter qonun bilan ziddiyatda bo‘lgan bolalarga nisbatan ozodlikdan mahrum etish va javobgarlikdan ozod qilishning xalqaro sinovdan o‘tgan muqobil usullari hamda amaliy choralari haqidagi yangiliklardan ishtirokchilarni xabardor qildi.
Muhokamaga qo‘yilgan mavzu yuzasidan ayrim xorijiy davlatlar tajribasi ham o‘rganildi. Bu borada YUNISEFning Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Gruziyadagi mutaxassisi Teona Kuchava va Tailanddagi eksperti Santi Siritirajesd ma’ruza qildi.
Ishtirokchilar qonun bilan ziddiyatda bo‘lgan bolalarga nisbatan ozodlikdan mahrum etishning muqobil usullari va javobgarlikdan ozod qilish choralarini O‘zbekiston milliy qonunchiligiga kiritish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Bu boradagi islohotlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash kafolatlariga e’tibor qaratildi.
Davra suhbatida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati, Bosh prokuratura, Oliy sud, Maktabgacha va maktab ta’limi, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Adliya, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Statistika agentligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi, Advokatlar palatasi, “Oila” va “Madad” NTT kabi fuqarolik jamiyati institutlari faollari ham qatnashdi. Muhokamalarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili ofisi va YUNISEF ekspertlari faollik ko‘rsatdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.11.2024
- Ko'rishlar: 802
- Chop etish