O‘ZBEKISTON KONSTITUTSIYASIDA XALQARO HUQUQNING UMUME’TIROF ETILGAN PRINSIP VA NORMALARI
Har bir davlat huquqiy tizimining asosini normalari boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan ustun bo‘lgan hamda oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan Konstitutsiya tashkil etadi. Shuningdek, mamlakat Konstitutsiyasi nafaqat fuqarolar va davlat o‘rtasidagi, balki xalqaro munosabatlarning asosiy yo‘nalishlarini tartibga soluvchi hujjat hisoblanadi. Aksariyat davlatlar o‘z konstitutsiyalarida tashqi siyosatning asoslari va ustuvor yo‘nalishlarini, davlat organlarining xalqaro munosabatlar sohasidagi vakolatlarini, o‘z qonunchiligining xalqaro huquq normalari bilan o‘zaro munosabatini belgilaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Muqaddima”sida “Konstitutsiya xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda” qabul qilingani e’lon qilingan. O‘z-o‘zidan savol tug‘ilishi tabiiy. Nima sababdan mamlakat Konstitutsiyasi xalqaro huquq normalariga asoslanishi kerak? Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari nimalardan iborat hamda O‘zbekiston Konstitutsiyasida ular o‘z aksini topganmi? Quyida shu va boshqa masalalar bo‘yicha so‘z yuritamiz.
O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillaridan boshlab xalqaro munosabatlarda to‘la huquqli subyekt sifatida ishtirok eta boshladi. Ushbu davrda ko‘plab davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi, xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldi, shu bilan birga ko‘plab xalqaro shartnomalarga qo‘shildi. Bularning barchasi yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishda O‘zbekistonni xalqaro huquq normalari bilan bog‘ladi. 1992-yilda qabul qilingan Konstitutsiyaning “Muqaddima”sida ham O‘zbekiston “xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olishi” belgilangan edi.
Milliy va xalqaro miqyosda qonun ustuvorligini ta’minlash xalqaro va milliy huquqiy tizimlarning uyg‘un rivojlanishini taqozo etadi. Ularning samaradorligi ushbu ikki huquq tizimining o‘zaro ta’siriga bog‘liq. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda xalqaro tartib va muvozanatni shakllantirish davlatlar tomonidan o‘z xalqaro-huquqiy majburiyatlarini bajarish bilan birga, ularni milliy darajada amalga oshirishni talab qiladi. Ushbu vazifani xalqaro huquqiy normalarni amalga oshirishning milliy mexanizmlarini yaratmasdan samarali hal qilib bo‘lmaydi. Davlatlarning xalqaro huquqqa nisbatan munosabati esa ularning Konstitutsiyalarida belgilanadi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 15-moddasida shunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llaniladi”.
Mazkur norma O‘zbekistonning xalqaro huquq normalariga nisbatan munosabatini belgilab berdi. Ya’ni, O‘zbekiston jahon hamjamiyatining ajralmas qismi sifatida xalqaro huquqqa xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lish zaruriyatidan kelib chiqib, uning normalarining yuqori maqomini hamda huquqiy tartibga solishda muhim rolini Konstitutsiya darajasida mustahkamladi.
Ushbu norma xalqaro huquq normalarini amalga oshirishning zarur konstitutsiyaviy kafolatlarini yaratish bilan bir qatorda, milliy huquqiy tizimning bir qismiga aylangan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga ustunlik ham berdi. Bunda ular bilan milliy huquq normalari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelsa, xalqaro huquq normalari qo‘llanilishi tushuniladi.
Qayd etish joizki, shunga o‘xshash normalar Konstitutsiya yangi tahrirda qabul qilinishidan oldin ham milliy qonunchilik normalarida mavjud edi. Ya’ni, aksariyat qonunlarda “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llanilishi” to‘g‘risida norma bor. Biroq yuqoridagi normaning Konstitutsiya darajasida belgilanishi xalqaro huquq normalarining ahamiyatini belgilashi bilan birga, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga ham xuddi shunday maqom berdi.
O‘z mazmuniga ko‘ra xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari ustuvorligi to‘g‘risidagi norma ko‘plab davlatlar Konstitutsiyalarida mavjud. Ushbu umume’tirof etilgan prinsip va normalar nima, ular qanday qoidalarni belgilaydi hamda ular O‘zbekiston Konstitutsiyasidan qay darajada o‘rin olgan?
Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari to‘g‘risida xalqaro huquq nazariyasida va ko‘plab olimlar tomonidan turli fikrlar bildirilgan. Ammo ularning barchasidan shu anglashiladiki, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari deganda xalqaro shartnomalarda, xalqaro tashkilotlarning ustavlarida, xalqaro sudlarning qarorlarida, shuningdek xalqaro odatlardagi xalqaro huquqning asosiy imperativ hamda fundamental normalari, barcha davlatlar xalqaro hamjamiyati tomonidan qabul qilingan va tan olingan, ulardan chetga chiqish mumkin bo‘lmagan normalar tushuniladi.
Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari eng yuqori yuridik kuchga ega bo‘lib, barcha normalar ularga muvofiq bo‘lishi kerak. Shuningdek, ular barcha davlatlar va xalqlar, umuman olganda, xalqaro hamjamiyatning asosiy manfaatlarini aks ettiradi.
An’anaviy ravishda xalqaro huquqda 1945-yil 26-iyunda qabul qilingan BMT Ustavida, 1970 yilgi Xalqaro huquq prinsiplari to‘g‘risidagi deklaratsiyada hamda 1975-yilda qabul qilingan YEXHKning Xelsinki Yakunlovchi aktida mustahkamlangan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan 10 ta prinsipi ajratib ko‘rsatiladi.
Xalqaro huquq prinsiplari to‘g‘risidagi deklaratsiyada quyidagi asosiy prinsiplar belgilangan:
1. Xalqaro munosabatlarda kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik;
2. Nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish;
3. Davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
4. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro hamkorlik;
5. Xalqlarning teng huquqliligi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi;
6. Davlatlararo munosabatlarda suveren tenglik;
7. Davlatlar tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni vijdonan bajarish.
1975-yildagi YEXHKning Xelsinki Yakunlovchi aktida quyidagi asosiy prinsiplar belgilangan:
1. Chegaralarning buzilmasligi;
2. Davlatlarning hududiy yaxlitligi;
3. Inson huquqlarini hurmat qilish.
Ma’lumki, Xelsinki Yakunlovchi akti rasmiy ravishda xalqaro shartnoma hisoblanmaydi. Biroq u qabul qilinganidan so‘ng, nafaqat Yevropaning, balki dunyoning aksariyat mamlakatlari rahbarlari 1975 yilgi Xelsinki Yakunlovchi aktining yuridik majburiy qoidalarini tan olganligi to‘g‘risida rasmiy bayonotlar berishgan.
Qayd etish joizki, birinchi bor yuqoridagi hujjatlarda sanab o‘tilgan umume’tirof etilgan prinsiplar aksariyati 1945-yilda qabul qilingan BMT Ustavining 1-2-moddalarida o‘z aksini topgan. Keyinchalik BMT Ustavi yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarda ham ushbu prinsiplar belgilanishi uchun asos vazifasini o‘tagan.
Xususan, 1969-yilda qabul qilingan Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risidagi Vena konvensiyaning 26-moddasida Pacta sunt servanda prinsipi, ya’ni “har bir amaldagi shartnoma uning ishtirokchilari uchun majburiydir va vijdonan bajarilishi” kerakligi belgilangan. Bu esa BMT Ustavi 2-moddasi 2-bandidagi “BMTning barcha a’zolari ushbu Ustav bo‘yicha zimmalariga olgan majburiyatlarini vijdonan bajaradilar” degan qoidadan kelib chiqqan.
Shu ma’noda, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalarining quyidagi belgilari va xususiyatlarini ko‘rsatish mumkin:
· ushbu prinsiplar barcha yoki deyarli barcha davlatlar tomonidan tan olingan;
· prinsiplar superimperativ yoki yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan jus cogens (imperativ normalar) normalari xarakteriga ega;
· mazkur prinsiplar ham xususiy, ham ommaviy munosabatlarni tartibga soladi;
· ushbu prinsiplarni buzish xalqaro-huquqiy xarakterdagi sanksiyalarni qo‘llash uchun asos bo‘lishi mumkin.
Mazkur xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari O‘zbekiston Konstitutsiyasining asosiy prinsiplaridan biri etib belgilangan “Tashqi siyosat” bobida o‘ziga xos tarzda sanab o‘tilgan. Xususan, Konstitutsiyaning 17-moddasida: “O‘zbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanadi”, deb belgilangan.
Ushbu moddada O‘zbekiston tashqi siyosatida eng ustuvor bo‘lgan xalqaro huquqning 6 ta prinsipi keltirilgan. Shuningdek, mamlakatning tashqi siyosati ushbu normada nazarda tutilmagan boshqa prinsip va normalarga ham asoslanishi belgilanmoqda. E’tiborlisi shundaki, Konstitutsiyaning 1992-yil qabul qilingan tahririda mazkur moddada “davlatlarning hududiy yaxlitligi” prinsipi nazarda tutilmagan. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada ushbu prinsip qo‘shilgan.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 18-moddasida: O‘zbekistonning davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshirishi, davlatning, xalqning oliy manfaatlaridan, uning farovonligi va xavfsizligidan kelib chiqqan holda ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi hamda ulardan chiqishi mumkinligi belgilangan. Ushbu norma ham o‘z mohiyati nuqtayi nazaridan, garchand 17-moddada sanab o‘tilgan prinsiplar qatorida bo‘lmasa ham, “davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro hamkorlik” prinsipini ifodalaydi.
Bundan tashqari, “inson huquqlarini hurmat qilish” prinsipi 17-moddada keltirilmagan bo‘lsa-da, Konstitutsiyaning “Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” nomli ikkinchi bo‘limidagi 40 ta modda ushbu masalaga bag‘ishlangan. Bu moddalar mazmunidan shuni tushunish mumkinki, O‘zbekiston nafaqat ichki siyosatida, balki tashqi siyosatida ham inson huquqlarini hurmat qilish prinsipiga qat’iy amal qiladi.
Xalqaro munosabatlarda yoki tashqi siyosatda ushbu prinsiplar mazmunan bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqdir. Ularning ba’zilarini inkor etish boshqalarini ham to‘laqonli amalga oshirishga imkon bermaydi.
Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini o‘z ichiga olgan deyarli barcha universal shartnomalarni ratifikatsiya qilgan. Ular O‘zbekiston uchun amal qiladi va to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga amal qilishga bo‘lgan xayrixohligini namoyon qiladi.
Rustam Atovulloyev,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh yuriskonsulti
- Qo'shildi: 28.11.2024
- Ko'rishlar: 537
- Chop etish