O‘zbekistonda ma’muriy-xuquqiy fanlar rivojlanishi: erishilgan yutuqlar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi

Joriy yilning 27 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan “O‘zbekistonda ma’muriy-xuquqiy fanlar rivojlanishi: erishilgan yutuqlar va istqboldagi vazifalar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari va doktorantlar, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat Agrar universiteti professor-o‘qituvchilari, ma’muriy huquq sohasida katta tajribaga ega mutaxassislar hamda talabalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turg‘unov 2017–2024 yillarda mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida “davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan hayotiy tamoyilni ro‘yobga chiqarish maqsadida keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar amalga oshirilib kelinayotganligi, ushbu islohotlar jarayonida Davlat va huquq instituti ham o‘z takliflari, asoslantirilgan ilmiy tashabbuslari bilan faol ishtirok etib kelayotganligi, joriy yilda Institut tomonidan ma’muriy islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan 20 ga yaqin taklif Oliy Majlis palatalariga taqdim etilganligi haqida ma’lumot berdi.

Toshkent davlat yuridik universiteti Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Sardorbek Yusupov O‘zbekistonda ma’muriy huquq fanini o‘qitishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, ushbu holat chinakamiga xalq xizmatidagi davlat fuqarolik xizmatchilarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi, bugungi ma’muriy islohotlar sharoitida oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy tadqiqot muassasalari amalga oshirilayotgan islohotlarni samarali huquqiy tartibga solish borasida ilmiy jihatdan ko‘maklashishi zarur ekanligini qayd etdi.

Davlat va huquq instituti Ma’muriy-huquqiy, jinoiy-huquqiy fanlar bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Akbarshoh Teshaboyev o‘z ma’ruzasida ma’muriy islohotlar sharoitida madaniyat sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish muhimligi, kino, teatr hamda madaniyat sohasining boshqa tarmoqlarida yangi ma’muriy islohotlar sharoitiga mos tarzda zamonaviy boshqaruv uslublarini joriy etish, ushbu sohani yaxlit qonun hujjati bilan tartibga solish zaruriyatini asoslab berdi.

Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Jo‘rabek Ne’matov ma’muriy islohotlar sharoitida oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini ma’muriy-huquqiy jihatdan tartibga solishni ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilgan holda, akademik mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini hamda ulardagi ma’muriy boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.

Muhokama jarayonida so‘z olganlar yurtimizda ma’muriy huquq fanini yosh yuridik kadrlarga puxta o‘rgatish zarurligi, davlat xizmati sohasini to‘liq raqamlashtirish va ma’muriy jihatdan yanada soddalashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ma’muriy islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan fikr va mulohazalarni ilgari surishdi.

Davra suhbati yakunida talabalar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

O‘zA

Powered by GSpeech