Dunyodagi bank tizimi va globallashuv davri muammolari

4-dekabr — Xalqaro bank kuni

 

Ushbu sana har yili dunyoning barcha mamlakatlarida bank tizimining iqtisodiy ahamiyatini yoritishda muhim omil bo‘lmoqda. Moliya va bank tizimlari jamiyatning iqtisodiy rivojlanishida, tadbirkorlik muhitining shakllanishida, investitsiyalarni jalb qilishda va ijtimoiy farovonlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

 Shu ma’noda, Xalqaro bank kunining maqsadi butun dunyo bank tizimlaridagi muammolarni aniq va ochiq tushuntirib berishdan iborat. Shu bilan birga, bu sana bank tizimining iqtisodiy taraqqiyot uchun qanday afzalliklar taqdim etishini atroflicha targ‘ib etishda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.

Mazkur xalqaro sanaga 1929-yilda asos solingan bo‘lib, bundan maqsad — banklarning jahon iqtisodiyotidagi o‘rnini, moliya xizmatlarining ahamiyatini va ulardan samarali foydalanishni targ‘ib qilish hamda tushuntirishdir. Chunki banklar nafaqat savdo operatsiyalarini amalga oshirish, balki investitsiyalarni jalb qilish, iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rag‘batlantirish va ijtimoiy barqarorlikni saqlashdagi roli bilan ham ahamiyatlidir.

Shuning uchun Xalqaro bank kuni banklar va moliya muassasalari orasidagi hamkorlik va innovatsiyalarning ahamiyatini yanada keng ochib berishga yordam beradi. Zero, banklar moliya sohasidagi muammolarga yechim topish, raqobatni kuchaytirish va rivojlanishga yordam berish uchun yangi usullar va texnologiyalarni joriy qilishda alohida faollik ko‘rsatadi.

Global bank tizimi barqaror, shunday bo‘lsa-da, bir qator muammolarga duch kelayotgani ham bor gap. Bu muammolarning ayrimlari turli davlatlar va ularning iqtisodiy tizimlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Misol uchun moliyaviy inklyuziya pastligi oqibatida har yili milliardlab odamlar moliyaviy xizmatlarga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda. Bu muammo, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarda keng tarqalgan.

Chunki aholining ko‘p qismi bank hisob raqamlaridan foydalanmaydi va o‘z mablag‘larini omonatga qo‘yish yoki kredit olish imkoniyatiga ega emas. Shu bois ayni shu moliyaviy muammo iqtisodiy rivojlanishga ham katta to‘sqinlik qilishi mumkin.

Dunyodagi ko‘plab banklar o‘rtasidagi raqobat noto‘g‘ri va zaifdir. Aksariyat banklar innovatsiyalarni kiritishda ortda qolayotgani ularning samaradorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Binobarin, texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda raqamli bank xizmatlari va fintex kompaniyalari an’anaviy bank tizimlariga muqobil, ya’ni raqobatchi bo‘lib maydonga chiqmoqda.

Banklar tizimida xavfsizlikka oid va ma’muriy muammolar ham mavjud. Xususan, kiberhujumlar va axborot xavfsizligi masalalari banklar uchun eng jiddiy muammolardan hisoblanadi.

Nega deganda, moliyaviy xizmatlarning raqamlashuvi bilan xavfsizlikka bo‘lgan talab ham ortadi. Banklar moliyaviy operatsiyalarning xavfsizligini ta’minlash va maxfiylikni saqlashda katta mas’uliyatni his qilayotganligi bejiz emas.

Ayrim banklar katta xarajatlar bilan ishlaydi, bu esa ularning xizmatlari narxini oshiradi. Tranzaksiya xarajatlari va komissiyalar ko‘p hollarda iqtisodiy rivojlanishni to‘sib qo‘yadi. Bu, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarga yomon ta’sir ko‘rsatadi, chunki ularda bank xizmatlaridan foydalanish narxi balandroq.

Rivojlanayotgan davlatlarda bank tizimlari ikkita asosiy vazifani bajaradi. Bank tizimlari, birinchidan, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlasa, ikkinchidan, moliyaviy inklyuziyani rag‘batlantirish bilan shug‘ullanadi. Bunda banklar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va odamlarning moliyaviy xizmatlarga kirishini ta’minlash uchun muhim mexanizmga aylanadi.

Banklar rivojlanayotgan davlatlarda investitsiyalarni jalb qilish va yangi ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bu, o‘z navbatida, ish o‘rinlarining yaratilishini va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi.

Rivojlanayotgan davlatlarda banklar kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish, aholini omonatlar va kreditlar orqali bank tizimiga jalb qilish uchun muhim manba hisoblanadi. Shu bilan birga, moliyaviy inklyuziyaning oshishi odamlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga yordam beradi.

 

Hamid Ravshanov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining Hisob-kitob bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech