“Inson huquqlari uyi”ning kitob fondi: ilk raqamlar

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Inson huquqlari uyi” Markaziy Osiyo mintaqasidagi inson huquqlari bo‘yicha yagona ixtisoslashgan kutubxona hisoblanadi. U zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan, Internet tarmog‘iga ulangan va Wi-Fi zonalariga ega.

 “Inson huquqlari uyi”ning inson huquqlari va erkinliklariga oid adabiyotlar ochiq fondi mavjud bo‘lib, umumiy fondni qariyb 11 mingta kitob va jurnallar tashkil etadi. Bu o‘rinda BMT, YEXHT, Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyati kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning inson huquqlariga oid rasmiy hujjatlari va nashrlari, turli darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, dissertatsiyalar, avtoreferatlar, dunyoning turli tillarida chop etilgan huquqiy adabiyotlar, o‘zbek va jahon badiiy adabiyotlari, milliy davriy nashrlar va xorij davriy nashrlar haqida so‘z bormoqda. 

3-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Inson huquqlari uyi”ning rasmiy ochilishiga tayyorgarlik doirasida kitob fondini boyitish jarayonlari yanada jadallashdi. Jumladan, “Inson huquqlari uyi”ga:

· O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi – 500 ta;

· Xitoy Xalq Respublikasining Elchixonasi – 168 ta;

· “Taraqqiyot strategiyasi” markazi– 168 ta;

· Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi – 153 ta kitob taqdim etdi.

Hozirda ham ko‘plab tashkilotlar va ma’rifatparvar insonlar tomonidan “Inson huquqlari uyi”ga kitoblar taqdim etilishi davom etmoqda.

Yana bir muhim ma’rifatparvarlik qadami haqida muxtasar so‘z: “Inson huquqlari uyi” tomonidan Toshkent shahridagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlaridagi Axborot-resurs markazlarida “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchaklari tashkil etildi. Ularning tegishli huquqiy adabiyotlar bilan jihozlanishi ta’minlandi.

Bu kabi huquqiy-ma’rifiy tashabbuslar ko‘lami kelgusida yanada kengayadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech