Har bir demokratik jamiyatning eng muhim qadriyatlaridan biri – inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashdan iborat hisoblanadi. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ular jamiyatning teng huquqli a’zolari sifatida himoyalanishiga kafolat berilishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi har bir fuqaroning, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga yo‘naltirilgan. Xususan, 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijasida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan normalarning yarmidan ko‘pi insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratildi.
Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 19-moddasida inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli ekanligi ta’kidlangan. Bu qoida nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan ham to‘liq qo‘llaniladi.
Shuningdek ushbu moddaga binoan O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdir.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 57-moddasiga muvofiq, mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekanligi Konstitutsiya darajasida belgilandi.
Ko‘rib turganimizdek, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari keng va atroflicha ifodalangan. Konstitutsiya normalarini hayotga tatbiq qilish bo‘yicha ham bir qancha islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2024-yil 20-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ya’ni, avvalo nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish, ishga joylash va sportga jalb qilish bo‘yicha milliy tizim shakllanishi, ularga ishlash va kasb-hunarga o‘qishda to‘siqsiz muhit yaratish uchun ularning “mehnatga layoqatini belgilash” amaliyotidan voz kechiladi. Yanada muhimi, endilikda nogironlik kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda 1 millionga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxs, jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bola istiqomat qilmoqda. Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari doimiy diqqat-e’tiborda bo‘lib, ularni jamiyatga integratsiya qilish, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy hayotda faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning barcha jabhalariga yoshlarni, shu jumladan nogironligi bo‘lgan yoshlarni qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2024-yil 1-iyundan boshlab «Yosh tadbirkor» tanlovi o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Ushbu jarayonda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tanlov asosida «mahalla — tuman — viloyat — respublika» bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralanadi. Bunda nogironligi bo‘lgan yosh tadbirkorlarning loyiha va g‘oyalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 2021-yil 7-iyunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingani ushbu sohada samarali islohotlarni davom ettirishning yorqin namunasi bo‘ldi. Binobarin, 2023-yil 28-iyulda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining dastlabki milliy ma’ruzasi BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga topshirildi.
BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Dastlabki davriy ma’ruzasi 2021-yildan – hozirgi kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu esa O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni uzluksiz ravishda milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etib kelganligidan dalolatdir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992-yil 14-oktyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yili 3-dekabr sanasi butun dunyoda “Xalqaro nogironlar kuni” sifatida nishonlanib kelmoqda. Bunda xalqaro hamjamiyat jamoat tashkilotlari va davlat idoralari nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va ularning jamiyatda teng huquqli ishtirokini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor beradi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ijtimoiy hayotning barcha sohalarida himoya qilish, ularning muammolariga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etish hamda xalqaro miqyosda nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolarini yoritish va ularga jamiyatda munosib o‘rin yaratishdan iborat.
O‘zbekistonda ham nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini yanada takomillashtirishga oid islohotlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat birlashmalari faol ishtirok etmoqda. Bunga misolar ko‘p.
Birinchidan, Konvensiyani ratifikatsiya qilish jarayonida nafaqat davlat tuzilmalari, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat birlashmalari ham faollik ko‘rsatdi.
Ikkinchidan, 2022-yilning 19-dekabr kuni Oliy Majlisi palatalari qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “2023-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi”ni tayyorlashda 20 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxs jamoat birlashmalari takliflarini berdi.
Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalari bajarilishida jamoatchilik monitoringi orqali ishtirok etmoqda.
To‘rtinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga oid normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlash jarayonida takliflar bermoqda.
Shuningdek, 2024-yil 27-oktyabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ilk bor nogironligi bo‘lgan shaxs deputatlikka saylandi. Bu voqea, birinchidan, ijtimoiy masalalar yuzasidan aniq takliflarni aynan mazkur toifadagi shaxslardan eshitish quvonarli holat bo‘lsa, ikkinchidan esa “Bizsiz biz haqimizda hech narsa” xalqaro tamoyili olib borilayotgan islohotlarga bosqichma-bosqich joriy qilinishining yorqin dalolatidir.
Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslar Konstitutsiyamizda belgilangan normalar asosida jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib kelmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida eng yuksak standartlarga javob beradi va ularning ijtimoiy integratsiyasini kafolatlaydi.
Husniddin Xolmamatov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi
Tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 03.12.2024
- Ko'rishlar: 469
- Chop etish