Feruza ADILOVA – O‘zbekiston Respublikasi bolalar va o‘smirlarining "Tong yulduzi" gazetasi Bosh muharriri:
– Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari uyi”ning tantanali ochilish marosimida ishtirok etganimdan judayam xursand bo‘ldim. Endi bu nurxona inson huquqlariga oid muhim axborot va ma’lumotlar manbasi sifatida nafaqat soha vakillariga, balki keng jamoatchilikka, hatto maktab o‘quvchilari uchun ham xizmat qilishi nihoyatda ezgu ish bo‘ldi.
Ushbu tantanali tadbir arafasida Milliy markaz hamda “Tong yulduzi” gazetasi tahririyati “Inson huquqlari – bolalar nigohida” mavzusida tanlov o‘tkazdi. Eng quvonarlisi, tanlov yakunlari bo‘yicha saralab olingan ijodiy ishlar namunalari “Inson huquqlari uyi”ning ochilishida ko‘rgazmaga qo‘yildi. Natijada iqtidorli bolajonlarimiz o‘z ijodiy ishlarining ushbu ma’rifat maskanida naqadar e’zozlanayotganidan boshlari osmonga yetdi.
Milliy markaz bilan ko‘p yillardan beri hamkorlik qilib kelamiz. Yosh gazetxonlarimizning tanlovga yo‘llagan ijodiy ishlarini kuzatib, bir ayon haqiqatga amin bo‘ldim. Gap shundaki, inson huquqlari har qanday jamiyatning avvalo tinchligi, barqarorligi, adolatli rivojlanishining asosiy tamoyili bo‘lsa, inson qadri – bu boradagi eng oliy ne’matdir. Shukrki, navqiron avlodlarimiz ana shu hikmatlar zamiridagi hayotiy haqiqatlarni tobora teran tushunib bormoqdalar.
Mazkur ma’rifat maskanining tantanali ochilish marosimida so‘z olgan milliy, xorijiy va xalqaro darajalardagi nufuzli ekspertlar inson huquqlarini ta’minlash – qandaydir yakuniy marra emasligini, aksincha, ayni yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etadigan uzluksiz jarayon ekanligini ta’kidlashdi. Shu nuqtayi nazardan, Milliy markaz bilan hamkorlik faoliyatimiz ham izchil va bardavom ekanligiga umid qilamiz.
Yanada muhimi, tanlov ishtirokchilari – ijodkor o‘quvchilarimiz inson huquqlariga oid bilimlarini endilikda “Inson huquqlari uyi”da yanada boyitib borishlari bizni g‘oyat mamnun etadi. Shu asosda bugungi umidli yoshlarimiz ertaga inson huquqlari sohasida eng yetuk kitoblar yozishlariga, ayni sohaning bilimli, xolis va odil mutaxassislari sifatida bu suronli hayot maydonida o‘zlarini dadil namoyon etishlariga ishonamiz.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.12.2024
- Ko'rishlar: 557
- Chop etish