10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni

1948-yil 10-dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasiga binoan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. 1950-yilda BMT tomonidan ushbu kunni Inson huquqlari kuni sifatida nishonlash belgilandi. Deklaratsiya inson huquqlarining fundamental asosi hisoblanadi.

Inson huquqlari – xar bir davlatning demokratik taraqqiyoti darajasini ko‘rsatuvchi muhim mezondir. Shu bois Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin qo‘shilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat bo‘ldi. Mazkur hujjatda irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy qarashlari, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar, har bir insonning yashash huquqi, so‘z va e’tiqod erkinligi, tinchlikka bo‘lgan huquqlari mustahkamlab qo‘yilgan.

Bosh Assambleya Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini barcha xalqlar va barcha davlatlar bajarishga intilishi lozim bo‘lgan vazifa sifatida e’lon qildi. Bundan muddao shuki, har bir inson va jamiyatning har bir tashkiloti doimo ushbu Deklaratsiyani nazarda tutgan holda ma’rifat va ta’lim yo‘li bilan bu huquq va erkinliklarning hurmat qilinishiga ko‘maklashishi, milliy va xalqaro taraqqiyparvar tadbirlar orqali ham uning bajarilishi ta’minlanishiga, BMTga a’zo davlatlar xalqlari o‘rtasida va ushbu davlatlarning yurisdiksiyasidagi hududlarda yashayotgan xalqlar o‘rtasida samarali tan olinishiga intilishlari zarur.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydigan milliy qonunchilik normalarida o‘z ifodasini topgan. Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi 100 dan ortiq xalqaro hujjat  ratifikatsiya qilindi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda yurtimizda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotida tizimli implementatsiya qilinib, bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Xususan, joriy yilning 13-14-iyun kunlari Samarqand shahrida “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlarini topish” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi bo‘lib o‘tdi. Forum sayyoramiz miqyosida atrof-muhit muammosini o‘rganish, ularni hal etish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim izchil amalga oshirilmoqda. Xalqaro jamiyat tomonidan 2024-yilda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 35-yilligi, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 45-yilligi, Qiynoqqa qarshi kurashish konvensiyasi qabul qilinganligining 40-yilligi keng nishonlandi.

Bunda xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazish, inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifat hamda ta’lim-tarbiya ishlarini takomillashtirish, aholi, yoshlar va bolalar uchun darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlarni tayyorlash muhim hisoblanadi. Shu munosabat bilan, mazkur sohadagi islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ushbu sanalarni nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan “Inson huquqlari” oyligini o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturi O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tomonidan tasdiqlandi. Ushbu tadbirlar inson huquqlari sohasida qator xalqaro sana va yubileylarga bag‘ishlangan.

Mazkur oylik doirasida bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Qiynoqlarga qarshi kurash va inson qadr-qimmatini himoya qilish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari, urbanizatsiya jarayonida inson  huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan davra suhbati,  O‘zbekiston Konstitutsiyasi va inson huquqlari bo‘yicha ma’rifiy darslar shular jumlasidandir.

Shuningdek, shu kunlarda “Inson huquqlari bolalar nigohida” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi rejalashtirilgan. Bu tanlov bolalar ijodkorligi va inson huquqlariga qiziqishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

O‘tgan haftada esa “Inson huquqlari uyi” tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Endi shu ma’rifat maskanida, jumladan, Jeneva konvensiyalari 75-yilligi munosabati bilan tadbirlar, inson huquqlariga oid yangi kitoblar taqdimotlari o‘tkazilmoqda.

 

Dilnoza Rahimova,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi xodimi

Powered by GSpeech