13-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili, “Tong yulduzi” hamda “Klass” respublika bolalar nashrlari tahririyatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Inson huquqlari bolalar nigohida” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi. Uni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov olib bordi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-yilligi va Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganligining 35-yilligi tantanalari doirasida tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda davom etayotgan bola huquqlari sohasidagi islohotlarning samaradorligini yanada oshirishdir.
Tanlovga 2024-yil fevral oyida start berilgan edi. O‘tgan davrda bu boradagi ijodiy musobaqalar 4 ta yo‘nalish, ya’ni “Eng yaxshi maqola va insho”, “Eng yaxshi she’r”, “Eng yaxshi rasm”, “Eng yaxshi video rolik” nominatsiyalari bo‘yicha tashkil etildi.
Shu qisqa vaqt ichida yosh ijodkorlar tomonidan “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalari tahririyatiga 300 dan ortiq material va ijodiy ishlar kelib tushdi. Natijada tanlov hay’ati Yangi O‘zbekistonning har bir yosh ijodkori yaratgan ijod namunasida o‘ziga xos yondashuvni kashf etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tanlovda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi maktab o‘quvchilari vakillari, ayniqsa, faollik ko‘rsatdi. Natijada 16 nafar iqtidorli o‘quvchi ijodiy musobaqalarning 4 ta yo‘nalishi bo‘yicha 1, 2, 3-o‘rinlar va rag‘batlantiruvchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bola huquqlarini ta’minlashda xalqaro standartlar va milliy mexanizmlarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan mutaxassislar bolalar huquqlarini kafolatlash hamda ularni xalqaro standartlar va milliy mexanizmlar orqali amalga oshirish har bir bolaning adolatli va manfaatli rivojlanishini ta’minlashning ajralmas qismi hisoblanishiga alohida e’tibor qaratdilar.
Shu ma’noda, bola huquqlari tom ma’noda himoya etiladigan va hurmat qilinadigan maqbul muhitni yaratish uchun faqat davlat tashkilotlarining bu boradagi faoliyati bilan cheklanib qolmasdan, jamiyatimizning ham barcha qatlamlarida doimiy sa’y-harakatlarni birlashtirish va o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish taqozo etilishi ta’kidlandi.
Bu kabi tanlovlar yosh avlod qalbida ona Vatanga mehr, sadoqat va hurmat tuyg‘ularini yanada chuqur singdirish, farzandlarimizni Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Qolaversa, bolalar o‘zlarining Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquqlaridan oqilona foydalanishlari va majburiyatlarini teran his etishlari uchun muhim turtki bo‘lishi tayin.
Tantanali tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining yangi ochilgan «Inson huquqlari uyi»da oflayn va onlayn tarzda o‘tkazildi. Taqdirlash jarayonini poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlaridagi axborot-resurs markazlarida kutubxona xodimlari hamda tanlov g‘oliblarining yaqinlari ham to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib borish imkoniga ega bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.12.2024
- Ko'rishlar: 404
- Chop etish