17-dekabr kuni Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi M.Vosiqova nomidagi akademik litsey o‘quvchilari “Inson huquqlari uyi”ga tashrif buyurdi. Ushbu tanishuv tadbiri yaqinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Inson huquqlari uyi” o‘z faoliyatini rasman boshlaganligi munosabati bilan tashkil etildi.
Milliy markazning bo‘lim boshlig‘i H.Mo‘minov o‘quvchilarga ushbu ma’rifat maskanini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad va vazifalar, uning kitob fondida mavjud adabiyotlar, ilmiy-amaliy nashrlar, mamlakatimizda va xalqaro darajada inson huquqlariga oid muhim hujjatlar, tavsiyalar hamda ilmiy adabiyotlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, o‘quvchilar kitob fondidan foydalanish, elektron ma’lumotlar bazasi va jamlangan ilmiy-tahliliy manbalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida Milliy markazning bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent F.Hayitboyev Milliy markaz tomonidan olib borilayotgan ishlarning dolzarb jihatlari, mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlarni taqdim etdi. O‘quvchilarni qiziqtirgan barcha savollarga to‘liq javoblar berildi.
Savol-javob jarayonlarida faol qatnashgan o‘quvchilarga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Bunday uchrashuvlar yosh avlod huquqiy savodxonligini yuksaltirish, ularda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chuqur tushunchalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy demokratik islohotlarning mazmun-mohiyatini kengroq anglash imkoniyatini oshiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.12.2024
- Ko'rishlar: 220
- Chop etish