Poytaxtimizdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Chingiz Aytmatov: adabiy meros, falsafiy va siyosiy qarashlarda zamonlar va madaniyatlar uyg‘unligi” mavzusida ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Qirg‘iz Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi hamda buyuk adib nomidagi Xalqaro Issiqko‘l forumi vakillari mehmon sifatida ishtirok etdi. Shuningdek, qator davlatlar elchilari va diplomatlari, rasmiy shaxslari, jamoatchilik, ikki davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari, milliy madaniyat markazlari vakillari, talabalar ham qatnashdi.
Dastlab O‘zbek Milliy akademik drama teatri truppasi tomonidan Aytmatov asari asosida sahnalashtirilgan “Momo yer” spektaklidan parcha namoyish qilindi. Ishtirokchilar badiiy talqindagi Tolg‘onaylar oilasi hayoti orqali mintaqamiz xalqlari tarixi, kishilarning taqdiri, farovon kelajakka umidi aks etgan muhitga g‘oyibona sayohat qildilar.
MOXI direktori Javlon Vahobov O‘zbekistonda Chingiz Aytmatov va uning ijodiga doimo alohida hurmat bilan qaralishi, adibning g‘oyaviy-falsafiy merosi qadrlanishini ta’kidladi.
2023 yil sentyabr oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida Prezident Shavkat Mirziyoyev buyuk yozuvchi, mutafakkir va diplomat Ch. Aytmatovning jahon adabiyoti hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari davlatchiligi shakllanishiga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi. O‘shanda davlatimiz rahbari buyuk mutafakkir, olim va faylasuflar sharafiga iqtidorli yoshlar uchun mintaqaviy ilmiy-ta’lim grantlari va stipendiyalar ta’sis etish taklifini ilgari surib, shu qatorga betakror qirg‘iz yozuvchisi nomini ham kiritgan edi:
– Chingiz Aytmatovning do‘stona munosabatlarimizdagi hissasi beqiyos va biz buni davom ettirishimiz kerak. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo madaniyatiga ta’sirini xuddi Vizantiyaning Rusga ta’siri bilan taqqoslash mumkin, degan so‘zlarni faqatgina do‘st yozishi mumkin.
Uzoqni ko‘ra biladigan Ch.Aytmatovning siyosiy qarashi va g‘oyalari Markaziy Osiyo taraqqiyotidagi zamonaviy tendensiyalar bilan hayratlanarli darajada uyg‘unlashib ketgan edi.
1995 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatlari assambleyasi” birinchi qurultoyida mintaqa mamlakatlari madaniyat arboblari jamoasi rahbari Chingiz To‘raqulovich “mintaqadagi ijod, ilm-fan bilan shug‘ullanuvchi madaniy missiyaning bevosita tashuvchilari”ni Markaziy Osiyo davlatlari umumiy “tashvish va xavotirlari”ni ochiq, birgalikda muhokama qilishga chaqirgan.
Ta’kidlanganidek, adibning ommaviy chiqishlaridan bugungi kun uchun ham dolzarb fikrlar, aniqligi bilan kishini hayratga soladigan bashoratlarni anglash mumkin.
Anjuman doirasida ishtirokchilar Chingiz Aytmatovning adabiy merosi, siyosiy g‘oyalari, ijtimoiy jarayonlarga ta’siri, davlatchilik rivoji va mintaqa mamlakatlari xalqlari do‘stligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari xususida ham so‘z yuritishdi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi umumiy tarix va an’analar uyg‘unligiga asoslangan madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash muhimligi ma’qullandi, o‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqboli tahlil qilindi.
Chingiz Aytmatov merosining madaniy muloqotni jadallashtirishdagi ahamiyati ta’kidlandi. Buyuk adib va diplomatning ijodi, ijtimoiy-siyosiy mulohazalari hamon dolzarbligi, qardosh xalqlarni jipslashtirish, Yangi Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etish maqsadiga xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
G‘ayrat Xonnazarov, Nosirjon Haydarov (surat),O‘zA
- Qo'shildi: 23.12.2024
- Ko'rishlar: 223
- Chop etish