20-21-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisida, jumladan, “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi va ma’qullandi.
Muhokama asnosida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama himoya qilish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Natijada odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ishlar tizimlashtirilib, ushbu jinoyatdan jabrlanganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
O‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali odam savdosi jinoyatini sodir etganlik uchun jazo chorasi kuchaytirilmoqda. Bundan tashqari, muhokama davomida qonun bilan odam savdosi jinoyatini homilador ayolga nisbatan sodir etgan shaxslarga og‘irroq jazo choralarini belgilovchi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilayotganligi qayd etildi.
Senatorlar tomonidan mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga, ularga qarshi samarali kurashishga, bunday qilmishlar uchun mutanosib jazo choralari belgilanishiga, qolaversa, bolalar va xotin-qizlar huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qilishi qayd etildi.
Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 14 ta masala, shu jumladan, 13 ta qonun ko‘rib chiqildi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmatining xabarida.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.12.2024
- Ko'rishlar: 159
- Chop etish