MAHALLA TIZIMI – XALQARO HAMJAMIYAT E’TIBORI VA E’TIROFIDA

Mahalla tizimi – O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosiga asoslangan, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning noyob shaklidir. U nafaqat ijtimoiy boshqaruvda samarali mexanizm sifatida namoyon bo‘ladi, balki fuqarolik jamiyatini shakllantirish, jamoaviy hamjihatlik va mas’uliyatni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda mahalla tizimi xalqaro hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda va uning barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi o‘rni e’tirof etilmoqda.

Ushbu tizimning xalqaro ahamiyati uning nafaqat milliy darajadagi, balki global tashabbuslardagi samaradorligini namoyon etmoqda. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Mahallada tinchlik hukm sursa, yurtimizda ham tinchlik bo‘ladi, mahalla obod etilsa, butun mamlakatimiz obodonlashadi”.

Mahalla shunchaki ijtimoiy institut emas, asrlar davomida milliy qadriyatlar, an’analar va ijtimoiy totuvlikning beshigi bo‘lib kelgan o‘ziga xos o‘z-o‘zini tashkil etish shaklidir. Mahalla doirasida o‘zaro yordam, mehr-shafqat, ijtimoiy mas’uliyat va yaxshi qo‘shnichilik kabi fundamental tamoyillar rivojlandi.

Bu tamoyillar nafaqat mahalliy darajada, balki xalqaro maydonda ham katta ahamiyatga ega, chunki mahalla tizimi ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash borasida ko‘plab mamlakatlar uchun ilhom manbaiga aylanib bormoqda. Xususan, BMTning ijtimoiy taraqqiyot va barqaror rivojlanish dasturlarida mahalliy hamjamiyatlarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, O‘zbekistonning mahalla modeli ushbu yo‘nalishda noyob tajriba sifatida baholanmoqda.

Mahalla, ijtimoiy hayotdagi o‘z muhim o‘rnini saqlab qolgan holda, bugungi kunda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan vazifalarni bajarishni davom ettirmoqda va ijtimoiy o‘zaro aloqa hamda qo‘llab-quvvatlashning muhim vositasi hisoblanadi. Bu tuzilma nafaqat ijtimoiy himoya sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishga yordam beradi, balki aholining farovonligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mahallaning ko‘p qirraliligi uning ijtimoiy hayotning turli jihatlarini birlashtira olish qobiliyatida namoyon bo‘lishini ta’kidlash lozim. Xususan, mahalla doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli faoliyat, jumladan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohangdir.

Yoshlarni milliy an’analarga hurmat ruhida tarbiyalash, aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar nafaqat O‘zbekistonning ichki siyosatida, balki global miqyosda ham tan olinmoqda. Mahalla tizimi tajribasi, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi roli xalqaro hamjamiyat tomonidan barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi muvaffaqiyatli namuna sifatida baholanmoqda.

Mahalla tizimining tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyati xalqaro darajada kambag‘allikni kamaytirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan global strategiyalarga uyg‘undir. Yoshlar tarbiyasi va ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi ishlarning samarasi xalqaro tashkilotlar tomonidan tahlil qilinmoqda va ular mahallaning bu sohalardagi yutuqlarini boshqa mamlakatlar uchun namuna sifatida tavsiya etmoqda.

Mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, ularning faoliyatini samarali tashkil etish va “mahallabay” dasturida ishtirok etayotgan mas’ul shaxslarning o‘zaro hamkorligini ta’minlash, shuningdek, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasiga muvofiq, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning qonunda belgilangan vakolatlarini ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Jamiyatda mahalla institutining rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birlamchi bo‘g‘in sifatida faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tuzildi. Mahallaning ushbu o‘ziga xos tizimi xalqning aniq ehtiyojlariga javob berib, Barqaror rivojlanish maqsadlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan bir qatorda, “Mahalla beshligi” tizimi o‘zini samarali boshqaruv vositasi sifatida namoyon etib, uning yanada rivojlanishi va kengayishiga olib keldi. Shu bois uning tarkibiga soliq idoralari xodimlari va ijtimoiy xodimlar kiritilib, “mahalla yettiligi” tizimiga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu o‘zgartirish ma’muriy nazoratni kuchaytirish va soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorlikni yaxshilashga, shuningdek, mahallalar darajasida yanada samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Mahalla tizimining bunday yangilanishi xalqaro darajada ham e’tiborga olinmoqda. Aksariyat davlatlar mahalliy boshqaruvning samaradorligini oshirish va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekistonning mazkur tajribasini o‘rganmoqda. Ma’muriy nazoratning kuchaytirilishi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning samarali tashkil etilishi xalqaro darajada jamiyatni barqaror rivojlantirishda muhim omil sifatida qaraladi. Shu bilan birga, soliq idoralari va ijtimoiy xizmatlar bilan hamkorlikning yangicha tizimi ham jamiyatning faol va mas’ul ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.

Binobarin, 2024-yil 1-yanvardan mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida “mahalla byudjeti” tizimi joriy etildi. Ushbu tashabbus mahalliy hamjamiyatlarning moliyaviy avtonomiyasini mustahkamlashga, ularga o‘z mablag‘larini boshqarish va taqsimlashda ko‘proq erkinlik berishga qaratilgan.

Bunday yangicha tizimning joriy etilishi mahallalarning moliyaviy resurslardan samarali foydalanishi uchun mas’uliyatini oshiradi, shuningdek, joylarda byudjetni boshqarishda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlaydi. Mahalla byudjeti tizimi, shubhasiz, mahalliy miqyosda moliyaviy mustaqillik va samaradorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, xalqaro standartlar va amaliyotlar bilan uyg‘undir. Ayni tashabbus mahallalar o‘z mablag‘larini samarali boshqarish orqali ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida ham muhim rol o‘ynaydi.

Qolaversa, bugungi kunda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi shafeligida mahallalar faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ixtisoslashtirilgan jamg‘arma faol ish olib bormoqda. Jamg‘armaning asosiy vazifasi – keng ko‘lamli tashabbuslarni amalga oshirish, shu jumladan, infratuzilmani rivojlantirish, ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash, shuningdek, fuqarolarning mahalliy aholini boshqarishda faol ishtirok etishiga yordam beradigan shart-sharoitlarni yaratish uchun mahallalarni moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Jamg‘arma mahallalarga kommunal xizmatlarni yaxshilash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yoki jamoat xavfsizligini ta’minlash kabi aholi duch keladigan eng dolzarb muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan resurslarni taqdim etadi. Shu ma’noda, har bir mahalla o‘z fuqarolarining kundalik ehtiyojlarini qondirish uchun mablag‘larni mustaqil ravishda taqsimlash imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa hayot sifati va umuman ijtimoiy barqarorlikni yaxshilashga yordam beradi.

Mahallalarning faoliyati ijtimoiy tahdidlarga tezkorlik bilan javob qaytarish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va ijtimoiy ta’minot darajasini oshirish imkonini beradi. Bu jarayonda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida infratuzilmani rivojlantirish, mahalliy hokimiyat organlari bilan ishlashni muvofiqlashtirish va joylarda shaffoflik hamda samaradorlikni oshirishga qaratilgan ilg‘or boshqaruv usullarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidentining “Ishlar to‘g‘ri tashkil etilgan, fuqarolar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan mahallada hamjihatlik va mehr-oqibat muhiti qaror topadi, noxush holatlar yuzaga kelmaydi”, degan so‘zlari mahalla institutini rivojlantirish va mustahkamlashda ishtirok etayotgan barchaga amaliy qo‘llanma bo‘lishi lozim. Ushbu fikrlar nafaqat ma’muriy boshqaruv, balki fuqarolar bilan faol hamkorlik qilish muhimligini ta’kidlaydi, bu esa o‘zaro ishonch, ijtimoiy adolat va ijtimoiy farovonlik muhitini yaratishga yordam beradi.

Shunday qilib, Yangi O‘zbekistonda mahalla tizimi, o‘zini o‘zini boshqarish va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan mavjud dasturlar orqali, mamlakatning global miqyosda barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shmoqda. Bu tizim, shuningdek, xalqaro hamkorlik va mamlakatning global taraqqiyotga integratsiyasini o‘rnatishga yo‘naltirilgan ishlarning samarali olib borilishiga xizmat qilayotir.

  

Asilbek Mirjalilov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi mas’ul xodimi

Powered by GSpeech