Qonunchilik palatasi deputati Akmal Saidov o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda

27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Akmal Saidovning o‘z saylov okrugidagi uchrashuvlari boshlandi.

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi qonunning 339-moddasi “Qonunchilik palatasi deputatining saylov okrugidagi ishlarini tashkil etishga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ko‘maklashish”, deb nomlangan. Ushbu moddaga ko‘ra:

“Mahalliy davlat hokimiyati organlari Qonunchilik palatasi deputatini saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlaydi. Ijro etuvchi hokimiyat organlari binolar ajratilishini tashkil etadi, fuqarolarni deputatning saylovchilar bilan uchrashuvlari o‘tkaziladigan, deputat tomonidan fuqarolar qabul qilinadigan vaqt va joy haqida xabardor qiladi, qabullarda va uchrashuvlarda ishtirok etish uchun o‘z mas’ul vakillarini deputatning taklifiga ko‘ra yuboradi, shuningdek deputatning joylardagi ishiga ko‘maklashish yuzasidan boshqa chora-tadbirlar ko‘radi”.

Qonun talabi asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlari rejasi tasdiqlangan. Qonunchilik palatasi deputati A.Saidovning uchrashuvlari shu reja bo‘yicha tashkil etilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining o‘z saylovchilari bilan dastlabki uchrashuvi Zangiota tumani markazida bo‘lib o‘tdi.

Bu muloqot saylovchilarni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan joriy yilda “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi bilan tanishtirishdan boshlandi. A.Saidov Davlat dasturi loyihasining aynan Zangiota tumani ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantirishga qo‘shadigan hissasi haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qonunchilik palatasi deputati, shuningdek, o‘z saylovchilari bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti keyingi yillarda ilgari surgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati yuzasidan atroflicha fikrlashdi. Davlatimiz rahbarining kitoblari, ma’ruza va nutqlari, xorijiy mamlakatlar hamda yurtimiz hududlariga, shu jumladan, Toshkent viloyatiga tashriflari asnosida belgilab berilgan muhim vazifalar inson baxti, jamiyat farovonligi va davlat taraqqiyotida nechog‘lik katta ahamiyatga egaligi xususida ham batafsil so‘z yuritildi.

A.Saidovning uchrashuvlari va Qonunchilik palatasi deputati bilan saylovchilari o‘rtasidagi yuzma-yuz muloqotlar 1-fevralgacha davom etadi.

Ushbu tadbirlarda Zangiota tumani hokimi Erkin  Rustamov ishtirok etmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech