Davlat dasturi ijrosiga kirishildi

13-fevralda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha Ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov tadbirni ochar ekan, dastavval Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 22-iyundagi Farmoni asosida qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar doirasida 2020-2024-yillarda amalga oshirilgan ishlar haqida muxtasar to‘xtaldi.

Bu jarayonda  inson huquqlari va erkinliklari, xususan, bolalar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilgani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi mazmun-mohiyati va ahamiyati nuqtayi nazaridan aynan qanday masalalarni qamrashi zarurligi haqida o‘zaro fikrlashdilar, Muhimi, bo‘lajak Milliy strategiya mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini rivojlantirish hamda har tomonlama himoya qilish sohasiga salmoqli hissa qo‘shishi maqsadga muvofiq bo‘lishiga e’tibor qaratildi.

Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar yuzasidan taklif va mulohazalar ham bildirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech