Bolalar huquqlariga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar yakunlandi

11-12-fevral kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazining Inson huquqlari uyida “O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish va ularni amalga oshirishning milliy mexanizmlari” mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar O‘zbekiston tomonining bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish borasidagi muhim qadamlarini muhokama qildilar.

Xususan, YUNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasining Bolalarni himoya qilish bo‘limi rahbari Antonia Lyudeke “BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va uning fakultativ protokollarining asosiy qoidalari” mavzusida ma’ruza qildi. Konvensiya bolalarning fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini belgilab berishi, shuningdek, konvensiyaning asosiy tamoyillari kamsitmaslik, bolaning eng yaxshi manfaatlarini ta’minlash, yashash va rivojlanish huquqi, bolalar fikrini inobatga olish sifatida belgilanganligi qayd etildi.

BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish va Milliy harakatlar rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish yo‘llari, Bolalar ombudsmanining bugungi kunda faoliyati yo‘nalishlari, bola huquqlari ta’minlashdagi roli atroflicha ko‘rib chiqildi.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmanova xalq vakillari bilan muloqot davomida bolalarga nisbatan kuzatilayotgan zo‘ravonlik holatlari, ota-onalarning bola tarbiyasidagi mas’uliyati, Bolalar ombudsmanining yopiq muassasalardagi monitoringi natijalari va bolaning eng ustun manfaatini ta’minlash zarurati yuzasidan fikrlar bildirdi.

Shu bilan birga, tadbir davomida bola huquqlarini hisobga olgan holda byudjetlashtirish konsepsiyasi, bolalar manfaatlari prizmasi orqali byudjet tahlili muhokama qilindi. YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Ijtimoiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Saidbek Djurabekov tomonidan bolalar manfaatlarini ko‘zlagan holda byudjet siyosati orqali kambag‘al oilalar farzandlariga qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaytirilishi lozimligi, bu esa avlodlararo kambag‘allikni qisqartirishga yordam berishi borasida muhokamalar olib borildi.

Shuningdek, Bola huquqlarini hisobga olgan byudjetlashtirish davlat mablag‘larini bolalar manfaatlari yo‘lida samarali sarflash orqali jamiyat farovonligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, tadbirda bola manfaatlarini byudjetlashtirish borasida Ozarbayjon tajribasi bo‘yicha ma’lumotlar berildi. YUNISEFning Ozarbayjondagi vakolatxonasi Ijtimoiy masalalar bo‘yicha mutaxassisi Rashad Xuseynov Ozarbayjonda bolalar uchun davlat xarajatlarini o‘lchashni qo‘llab-quvvatlash, bu orqali hukumatning mavjud siyosatiga muvofiq byudjet sarflarini bolalarga yo‘naltirilgan maqsadlar bilan muvofiqlashtirish tizimi mavjudligi yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, Ozarbayjonda Oila, ayollar va bolalar ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi mavjudligi, ushbu qo‘mita ayollar va bolalar masalalari bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish va tartibga solish vakolatiga egaligi ta’kidlandi.

Seminarning yakuniy qismida xalqaro majburiyatlarni yanada samarali amalga oshirish, shuningdek, bola huquqlarini himoya qilishda parlament nazoratini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekistonning bolalar huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalqaro standartlarni ilgari surish borasidagi muvaffaqiyatlari e’tirof etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech