19-fevral kuni poytaxtimizdagi Inson huquqlari uyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr ettirilgan inson huquqlariga oid adabiyotlarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universitetiga taqdim etish marosimi bo‘ldi.
Mazkur tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi ijrosi doirasida tashkil etildi. Unda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining 2-o‘quv kursi kursantlari, Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari va axborot-resurs markazi xodimlari, shuningdek, doktorantlar ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev tadbirni ochar ekan, mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari haqida muxtasar so‘zlab berdi. Xususan, Milliy markaz tomonidan xalqaro shartnomalarning o‘zbek tilidagi nashrlari va inson huquqlariga oid yangi adabiyotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, Inson huquqlari uyida ayni adabiyotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ibratli ishlarga e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori vazifasini bajaruvchi I.Rustambekov va Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B.Rajabov inson huquqlariga oid adabiyotlardan foydalanishni kengaytirish nihoyatda muhimligini e’tirof etdi. Bu borada zamonaviy axborot almashinuv amaliyoti izchil joriy qilinayotgani diqqatga loyiq ekani ta’kidlandi.
Tadbir so‘ngida Milliy markaz tomonidan nashr ettirilgan 400 ga yaqin adabiyot Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universitetiga taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.02.2025
- Ko'rishlar: 1038
- Chop etish