Memorandum imzolandi

2025-yil 26-fevral kuni Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor o‘qituvchilari va tinglovchilari, Milliy markaz xodimlari va doktorantlar ishtirokida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik A.X. Saidov ochib berdi.

Mazkur memorandumni imzolashdan ko‘zlangan maqsad Ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarining o‘quv dasturlarini, o‘quv-metodik va normativ materiallarini ishlab chiqishda, ichki ishlar organlari faoliyatida inson huquqlarini himoya qilishga oid fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirishda, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga doir ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishda yaqindan hamkorlikni amalga oshirish hisoblanadi.

Tadbirda Ichki ishlar malaka oshirish institutida malaka oshirish kurslarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ichki ishlar organlari faoliyatiga oid inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar” o‘quv modullarini o‘qitish tizimini joriy etish; o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, masofaviy ta’limni, o‘qitish va treninglarni interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarini keng joriy etish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, tadbirda Vazirlar Mahkamasining 2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar doirasida kutubxonalar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Malaka oshirish instituti kutubxonasi fondi uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr ettirilgan, 180 dan ortiq huquqiy adabiyotlar va qo‘llanmalar taqdim etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech