27-fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Sirdaryo viloyatidagi bir qator ta’lim muassasalarida inson huquqlari sohasidagi ta’lim holatini o‘rganishga qaratilgan keng qamrovli monitoring o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Xususan, Guliston shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi, Guliston davlat universiteti va Guliston davlat pedagogika institutida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari”ning o‘qitilish sifati o‘rganildi.
Ushbu monitoring O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi.
Ayni yo‘nalishda Milliy markaz tomonidan izchil ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Sirdaryoda o‘tkazilgan monitoringda inson huquqlari, bolalar va xotin-qizlar huquqlari himoyasini ta’minlash, ularning maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashda huquqiy himoya va yordam olish imkoniyatlarini baholashga alohida e’tibor qaratildi.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi doirasida aholi, xususan, bolalar va yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga katta ahamiyat berilmoqda. Chunki ta’lim muassasalarida inson huquqlari bo‘yicha bilimlarning yanada mustahkam o‘qitilishi hisobiga pirovard natijada fuqarolarning inson huquqlarini ongli ravishda hurmat qilishiga erishish maqsadi ko‘zlangan.
Monitoring asnosida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari o‘zaro hamkorlikda tegshli tahlil va tadqiqotlarni amalga oshirmoqda.
O‘rganish natijalari bo‘yicha tavsiyalar Sirdaryo viloyatidagi ta’lim muassasalariga taqdim etiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.02.2025
- Ko'rishlar: 687
- Chop etish