O'zbekiston vakili BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 58-sessiyasida so'zga chiqdi

TOSHKENT, 27-fevral. /"Dunyo" AA/. Shu yil 24-fevral kuni Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 58-sessiyasi o'z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Inson huquqlari bo'yicha Milliy markazining matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, 26-fevral kuni sessiyaning Oliy darajadagi segmentida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov so'zga chiqdi.

 

Sessiyaning ochilish marosimida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi prezidenti Jorj Lauber, BMT Bosh Assambleyasi raisi Filemon Yang, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va Inson huquqlari bo'yicha oliy komissar Folker Tyurk ma'ruza bilan qatnashdi.

 

Yig'ilish davomida BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining ayrim mamlakatlarda inson huquqlari sohasidagi ahvol va BMTning maxsus protseduralari bo'yicha ma'ruzalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Universal davriy sharh doirasidagi milliy hisobotlarni ko'rib chiqish natijalarini tasdiqlash ko'zda tutilmoqda.

 

Yig'ilish yakunida Oliy komissarning Ukrainadagi vaziyat bo'yicha hisoboti taqdim etiladi. Shuningdek, Belarus, Afg'oniston va Eron bo'yicha maxsus ma'ruzachi bilan interaktiv muloqot o'tkaziladi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov o'z so'zining boshida, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga o'tgan yil iyul oyida O'zbekistonga ikkinchi tashrifi davomida mamlakatda izchil davom etayotgan islohotlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik izhor etdi.

 

Akmal Saidov, shuningdek, "Hozirgi paytda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo'lgan Milliy strategiyasini tayyorlash jarayonida turibmiz, unda Universal davriy hisobot va BMT shartnomaviy organlarining tavsiyalari hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari tamoyillariga muvofiq ravishda amalga oshiriladigan muhim chora-tadbirlar qamrab olingan", deya ta'kidladi. 

 

O'zbekiston vakili ma'ruzasi yakunida, BMT Bosh Assambleyasining "Markaziy Osiyoda iqlim o'zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish tashabbusiga oid mamlakatimiz hukumatining taklifini ilgari surdi.

 

BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 58-sessiyasining Oliy darajadagi segmenti ishi davom etmoqda.

 

Eslatib o'tamiz, Inson huquqlari bo'yicha kengash BMT Bosh Assambleyasining 2006-yil 15-martdagi №60/251-son rezolyutsiyasi bilan tashkil etilgan. Kengash BMT tizimidagi hukumatlararo organ sifatida o'z faoliyatini inson huquqlari bo'yicha umumiy hurmatni targ'ib qilishga qaratib, butun dunyo bo'ylab barcha insonlar huquqlarini himoya qilish va inson huquqlarini buzish bilan bog'liq vaziyatlarni ko'rib chiqish, shuningdek, bu borada tegishli tavsiyalarni tayyorlash vazifalarini bajaradi.

 

BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi sessiyasining Oliy darajadagi segmenti yig'ilishi yiliga bir marta – bahorgi sessiya doirasida o'tkaziladi. Oliy darajadagi segment yig'ilishidan maqsad dunyo mamlakatlarida inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalarini yuqori siyosiy darajada muhokama qilish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va inson huquqlari xavfsizligi mexanizmlari va tartib-taomillarini mustahkamlashdan iborat.

 

Oliy darajadagi segment inson huquqlari va erkinliklarini rag'batlantirish va himoya qilish masalalari bo'yicha BMTga a'zo davlatlarning umumiy va o'zaro maqbul pozitsiyalarini muvofiqlashtirish va ishlab chiqish mexanizmi sifatida tashkil etilgan. 

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech