Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashi qayta tashkil etildi

Inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlar fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolar, ommaviy axborot vositalari – keng jamoatchilik vakillari ayni jarayonlarga jalb qilingandagina kutilgan samaralarini beradi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni katta ahamiyat kasb etmoqda.

27-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi  Milliy markazi huzurida qayta tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi ta’sis yig‘ilishida dastavval shu haqda so‘z bordi.

Ta’sis yig‘ilishida Jamoatchilik kengashining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari hamda kelgusidagi rejalari muhokama qilindi. Jamoatchilik kengashi faoliyatining yo‘nalishlari etib, jumladan:

- Markazning inson huquqlari sohasidagi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish, inson huquqlari sohasidagi ta’lim va aholining xabardorligini oshirish sohalarida jamoatchilik nazorati subyektlari bilan hamkorligini kengaytirish;

- nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlash;

- inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati to‘g‘risida Markaz tomonidan tayyorlangan yillik hisobotlarni ko‘rib chiqish;

- inson huquqlari sohasidagi strategiyalar, shuningdek, Markaz faoliyatining ta’sirini baholash;

- fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyalar, milliy harakat rejalari va boshqa chora-tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

- inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi chora-tadbirlarini takomillashtirish bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish;

- Markaz faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik fikrini kuzatib borish va tahlil qilish;

- Markaz faoliyati shaffofligini monitoring qilib borish;

- Markaz faoliyati bilan bog‘liq davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan foydalanish jarayonlarini kuzatish kabi yo‘nalishlar belgilandi.

Jamotchilik kengashi yig‘ilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining 2020-2024-yillarda bajarilishi holatiga baho berildi. Shuningdek, Markaz tomonidan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha Milliy strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Jamoatchilik kengashining faoliyatiga oid tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Kengashning Nizomi va tarkibi tasdiqlandi.

Jamoatchilik kengashi tarkibi mamlakatimizda inson huquqlari himoyasiga, jumladan bolalar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa qatlamlari huquqlarini himoya qilishda hissa qo‘shib kelayotgan jamoatchilik vakillari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim va fan sohasi vakillaridan iborat.

Jamoatchilik bilan ishlash sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi  Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining raisi etib saylandi.

Jamoatchilik kengashining kotibi lavozimiga inson huquqlari sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga, ta’lim va tarbiyaga katta hissa qo‘shib kelayotgan tajribali pedagog, taniqli olima  – Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Gavhar Yuldasheva saylandi.

Yig‘ilish yakunida Kengash a’zolari inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishini monitoring qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, Markaz faoliyatini monitoring qilib borish, inson huquqlarini himoya qilish tadbirlari samarasini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar bildirish yuzasidan kelishib oldilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

"Dunyo" AA

UzDaily.uz

 “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech