Talabalar uchun inson huquqlari bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi

28-fevral kuni Inson huquqlari uyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Toshkent davlat transport universiteti talabalari uchun “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar normalarini qo‘llash amaliyoti” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi.

Talabalarga inson huquqlari sohasida xalqaro va milliy me’yorlarning amaliyotda qo‘llanilishi, xalqaro shartnomalarning ahamiyati va ularni ijro etish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va bu boradagi xalqaro hamkorlik jarayonlari haqida ham xabardor qilindi.

Ishtirokchilar xalqaro shartnomalarning o‘zbek tilidagi nashrlari, inson huquqlariga oid so‘nggi huquqiy adabiyotlar va axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatlari haqida ham ma’lumot oldilar. Inson huquqlari uyi faoliyati, uning kutubxona fondi, mavjud adabiyotlar va resurslardan foydalanish tartibi bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi.

Mahorat darsi talabalarning inson huquqlari sohasidagi bilimlarini boyitish, ularda xalqaro-huquqiy hujjatlar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Bunday tadbirlar kelgusida ham davom ettirilishi va talabalarga inson huquqlari bo‘yicha yanada kengroq bilimlar berilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda ishtirok etgan Toshkent davlat transport universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi professori Muattar Rahimovaning fikricha, ushbu mahorat darsi yosh huquqshunoslarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni ibratli xalqaro huquqiy tajribalar bilan tanishtirishga xizmat qildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech