18-aprel kuni Toshkent davlat yuridik universitetining “Jinoiy-huquqiy faoliyat” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari uchun “Nogironlar huquqlarini himoya qilish” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi. Tadbir Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi ijrosi doirasida tashkil etildi.
Mahorat darsini Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘limi mutaxassisi Sultonov Nodirbek olib bordi.
Mashg‘ulot davomida talabalarga nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish borasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, mavjud qonunchilik asoslari hamda xalqaro huquqiy normalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari hamda O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro shartnomalar asosidagi yondashuvlar yuzasidan atroflicha tushuntirish berildi.
Tadbirda nogironlar huquqlarini amalda ta’minlashga qaratilgan islohotlar – inklyuziv ta’limni joriy etish, mehnatga oid teng imkoniyatlarni yaratish, ijtimoiy infratuzilmani moslashtirish va jamiyatda ularning to‘laqonli ishtirokini ta’minlash kabi masalalar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan chiqish qildilar va sohaga doir chuqurroq bilimga ega bo‘ldilar. Tadbir yakunida ishtirokchilarga tegishli tavsiyalar berilib, bu kabi uchrashuvlarni muntazam davom ettirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Interaktiv shaklda tashkil etilgan mazkur mahorat darsi talabalar uchun nafaqat nazariy bilim, balki inson huquqlari, xususan, nogironlar huquqlarini anglash, bu borada yuridik va axloqiy yondashuvlarni shakllantirishga qaratilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.04.2025
- Ko'rishlar: 126
- Chop etish