Ta’limda muvaffaqiyatga hamkorlikda erishiladi

Bugungi kunda taraqqiyot zamon talabiga mos, bilimlarni chuqur egallagan mutaxassislar malakasi bilan chambarchas bog‘liq.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi ham Yangi O‘zbekistonda yosh avlodni barkamol inson sifatida tarbiyalash, mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish yo‘lida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Bu, o‘z navbatida har jihatdan salohiyatli, vatanparvar, fidoyi kadrlar safi yildan-yilga kengayishini ta’minlamoqda.  

Jumladan, kuni kecha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumning maqsad va vazifalari hususida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor Muzaffarjon Mamasiddiqov quyidagilarni ma’lum qildi.

–Ushbu Memorandum davlat organlari va tashkilotlari ehtiyojlari uchun yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, oliy ta’limdan keyingi ta’lim shaklida yuridik fanlar tarmog‘i bo‘yicha ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash sohasini yanada rivojlantirish yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Mazkur hujjat orqali yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishlarida, shuningdek, o‘zaro hamkorlikda tashkil etiladigan turli tadbirlarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim va huquqiy madaniyatni rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi.

Shuningdek, tabiiy va inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarda harakatlanish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfsizlikni boshqarishning huquqiy asoslari, favqulodda vaziyatlarga oid qonunlar, bunday vaziyatlarda xavfsizlikni ta’minlashning huquqiy masalalari bo‘yicha ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishlari yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu memorandum har tomonlama salohiyatli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech