Akademik va yoshlar uchrashuvi: Akmal Saidov Termiz davlat universitetida

«Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar va pragmatik tashqi siyosat yo‘lidan dadil qadam bosib, dunyo hamjamiyati bilan ochiq va jadal muloqot olib bormoqda». Ushbu e’tirof O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasidagi nutqida yangradi.

21-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, akademik Akmal Saidov Termiz davlat universiteti talaba yoshlari bilan o‘tkazgan uchrashuv ayni fikrlarning atroflicha talqinidan boshlandi. Ushbu muloqot “Akademik va yoshlar” rukni doirasida tashkil etildi.

Akademik A.Saidov yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida inson huquqlari, erkinliklari va demokratik qadriyatlarga ustuvor ahamiyat berilayotganini ta’kidladi. Vatanimizning xalqaro maydondagi imijini yaxshilash va inson huquqlari bo‘yicha yuqori standartlarga erishishdagi sa’y-harakatlar nechog‘lik muhimligiga e’tiborni qaratdi.

Muloqot davomida, shuningdek, jahonda kechayotgan globallashuv jarayonlari, inson huquqlari sohasidagi xalqaro prinsiplar hamda davlatlararo hamkorlikning ahamiyati haqida fikr almashildi. Xalqaro huquq tizimidagi zamonaviy o‘zgarishlar va ularning inson huquqlarini ta’minlashdagi o‘rni, shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati va yoshlarning bu boradagi roli xususida alohida so‘z yuritildi.

Tadbir yoshlar uchun bilim va ko‘nikmalarini oshirish, huquqshunoslik sohasidagi zamonaviy ilmiy qarashlar va hayotiy tajribalar, inson huquqlari sohasida ilmiy-nazariy bilimlarini chuqurlashtirish va amaliyotga yo‘naltirish borasida muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, talabalarga huquq sohasini o‘rganishning ahamiyati, adabiyot va huquq o‘rtasidagi uzviylik kabi masalalar yuzasidan ham qiziqarli ma’lumotlar berildi.

Taniqli olim bilan yuzma-yuz muloqot yoshlarning inson huquqlari va xalqaro huquq yo‘nalishidagi salohiyatini oshirish, ularning jamiyat va davlat ishlaridagi ishtirokini yanada faollashtirishga yo‘naltirilgan muhim tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.

Samimiy va qizg‘in muloqot doirasida akademik A.Saidovning “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Huquqshunos olim yangi nashr etilgan ilmiy asarlarini Universitet kutubxonasiga sovg‘a qildi.

Uchrashuv yakunida akademik A.Saidov Termiz davlat universiteti Yuridik fakulteti qoshida tashkil etilgan "Yoshlar markazi" faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda ilm-fan va o‘quv jarayoni uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi.

Tadbirlarda Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murod Turg‘unov ham ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech