Joriy yilning 21-22 aprel kunlari Termiz shahrida “Istanbul protokoliga muvofiq qiynoq va shafqatsiz muomalani sud-tibbiy hujjatlashtirish” mavzuiga bag‘ishlangan o‘quv-trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti tibbiyot mutaxassislari hamda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining sud-tibbiy ekspertlari ishtirok etdi.

O‘quv mashg‘ulotida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi loyihalar bo‘yicha katta maslahatchisi E.Yurkovski, qamoqxonalar islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi, IPPF xalqaro penitensiar jamg‘armasining MDH mamlakatlari bo‘yicha vakili A.Shambilov (Ispaniya), Istanbul protokoli bo‘yicha xalqaro ekspert, Istanbul protokolini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi, sud tibbiyoti professori, Tbilisi davlat tibbiyot universiteti sud tibbiyoti kafedrasi mudiri R.Beriashvili (Gruziya) va boshqalar Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar hamda shafqatsiz muomalani samarali hujjatlashtirish bo‘yicha xalqaro standartlarning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritdi. Qatnashchilarning mavzuiga doir bilimlarini oshirishga e’tibor qaratdi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizda 2020-2024 yillarda YeXHT ko‘magida qiynoq holatlarini samarali tekshirish va hujjatlashtirish bo‘yicha o‘ndan ortiq o‘quv tadbiri o‘tkazilgan. Ushbu trening mashg‘ulotlari ham BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi 40 yilligini nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturidan o‘rin olgan.

Yangi O‘zbekiston jazoni ijro etish tizimini insonparvarlashtirish va inson huquqlarini mustahkamlash sohasida sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Mahbuslar bilan muomala qilish sohasidagi xalqaro standartlarni faol joriy etayotir. Mamlakatimizda qamoqda saqlash sharoitlarini yaxshilash va mahbuslarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan muhim qonun hujjatlari qabul qilingan.
– Shafqatsiz muomala va qiynoqlardan xoli bo‘lish xalqaro hujjatlarda ham, milliy qonunchilikda ham mustahkamlangan asosiy huquqdir, – dedi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov. – Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har qanday holatda va istisnosiz tarzda qiynoqqa solish va shafqatsiz muomalada bo‘lish qat’iyan taqiqlangan.
O‘quv mashg‘ulotlarida ishtirokchilar Istanbul protokoli qoidalari bilan atroflicha tanishib, qiynoqlarning oldini olishga oid asosiy xalqaro hujjatlar va milliy qonunchilikni o‘rgandi. Xalqaro va milliy miqyosda qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan turli mexanizmlar to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega bo‘ldi. Inson huquqlariga rioya etish va qiynoqlarning oldini olish masalalari yuzasidan kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama etdi. Shuningdek, O‘zbekistondagi inson huquqlari bo‘yicha milliy qonunchilikning o‘ziga xos xususiyatlari tahlil qilinib, qiynoqlarning oldini olish masalasiga, qiynoqlarga duch kelgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish, qiynoqlarni hujjatlashtirish va oldini olish jarayonida tibbiyot xodimlarining roliga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur mavzuga oid navbatdagi o‘quv mashg‘ulotini 24-25 aprel kunlari Farg‘ona shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 23.04.2025
- Ko'rishlar: 92
- Chop etish