Sud-tibbiyot ekspertlari uchun xalqaro standartlar bo‘yicha trening o‘tkazildi

Termiz shahrida "Istanbul protokoliga muvofiq qiynoq va shafqatsiz muomalani sud-tibbiy hujjatlashtirish" mavzusida trening bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

O‘quv mashg‘ulotida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining tibbiyot mutaxassislari va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining sud-tibbiy ekspertlari ishtirok etdi.

Tadbirda asosiy e’tibor mutaxassislarning Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va shafqatsiz muomalani samarali hujjatlashtirish bo‘yicha xalqaro standartlar haqidagi bilimlarini oshirishga qaratildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov o‘z so‘zida 2020-2024-yillarda YEXHT ko‘magida qiynoq holatlarini samarali tekshirish va hujjatlashtirish bo‘yicha o‘ndan ortiq o‘quv tadbiri o‘tkazilgani, o‘z navbatida, ushbu trening BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi 40 yilligini nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining bir qismi hisoblanishini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekiston jazoni ijro etish tizimini insonparvarlashtirish va inson huquqlarini mustahkamlash sohasida sezilarli yutuqlarga erishmoqda, mahbuslar bilan muomala qilish sohasidagi xalqaro standartlarni faol joriy etmoqda. Mamlakatda qamoqda saqlash sharoitlarini yaxshilash va mahbuslarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan bir qator muhim qonun hujjatlari qabul qilingan.

A.Saidov qayd etganidek, shafqatsiz muomala va qiynoqlardan xoli bo‘lish xalqaro hujjatlarda ham, milliy qonunchilikda ham mustahkamlangan asosiy huquqdir. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har qanday holatda va istisnosiz tarzda qiynoqqa solish va shafqatsiz muomalada bo‘lish qat’iyan taqiqlangan.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilar Istanbul protokoli qoidalari bilan batafsil tanishdilar. Qiynoqlarning oldini olishga oid asosiy xalqaro hujjatlar va milliy qonunchilikni o‘rgandilar.

Shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi milliy qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari tahlil qilinib, qiynoqlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar xalqaro va milliy miqyosda qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan turli mexanizmlar haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Qiynoqlarga duchor bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish, qiynoqlarni hujjatlashtirish va oldini olish jarayonida tibbiyot xodimlarining roli masalalariga alohida e’tibor berildi.

Keyingi shunday o‘quv mashg‘uloti 24-25-aprel kunlari Farg‘ona shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Oʼzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech