24-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati akademik Akmal Saidov Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu muloqot “Akademik va yoshlar” rukni doirasida tashkil etildi.
Farg‘ona davlat universiteti rektori B.Shermuhammadov tadbirni ochar ekan, akademik A.Saidov taniqli davlat va jamoat arbobi, nafaqat mamlakatimizda, ayni chog‘da, xorijda ham e’tirof etilgan yetakchi huquqshunos, bir qator xalqaro va xorijiy yuristlar assotsiatsiyalarining a’zosi ekanligini qayd etdi. U ko‘plab nufuzli xalqaro ilmiy anjumanlarni tashkil etgan va ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etgan.
Taniqli olimning jamiyatimizda huquqiy dunyoqarashni yuksaltirish, yoshlarda yuridik tafakkurni shakllantirish, yangi tizimdagi akademik darsliklarni yaratish borasidagi ulkan xizmatlari e’tirof etildi. Ayni chog‘da, Akmal Saidov – siyosiy, huquqiy, ma’rifiy va tarixiy mavzularda ijod qiladigan mohir publitsist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi hamdir. Uning asarlari dunyoning o‘ttizdan ortiq davlatida o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, nemis, polyak, xitoy, arab va yapon tillarida nashr etilgan.
Akademik A.Saidov muloqot avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, navqiron avlod vakillarining taraqqiyot sari intilishlariga har tomonlama sharoit yaratish davlatimizning ustuvor siyosatiga aylanganligini ta’kidladi. Mamlakatimizdagi yoshlar siyosati samaralari xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy olgani bejiz emas.
Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining mohiyati hamda ahamiyati haqida atroflicha so‘z bordi. Akademik A.Saidov qayd etganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hayot jo‘shqinligi va o‘zgarishlarini o‘zida yaqqol aks ettiradi. Bugungi kunda uni hayotga so‘zsiz va to‘liq tatbiq etish ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Tadbir yoshlar uchun bilim va ko‘nikmalarni oshirish, inson huquqlari sohasida ilmiy-nazariy bilimlarni chuqurlashtirish va amaliyotga yo‘naltirish uchun muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, talabalarga huquq sohasini o‘rganishning ahamiyati, adabiyot va huquq o‘rtasidagi uzviylik kabi masalalar yuzasidan ham foydali ma’lumotlar berildi.
Qizg‘in va samimiy suhbat asnosida milliy va jahon adabiyotining buyuk namoyandalari asarlari misolida huquqiy tarbiyani badiiyat vositasida insonlar ongiga yetkazishning ahamiyati haqida muhim fikrlar bildirildi. Ishtirokchilar o‘zlarining ilmiy-ijodiy izlanishlari uchun zarur tavsiyalar oldilar.
Uchrashuv ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Talaba yoshlarning savollariga batafsil javoblar berildi.
Tadbir yakunida akademik A.Saidov Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati va jamoasiga minnatdorlik bildirdi. Ushbu oliy ta’lim dargohida ilm-fan va o‘quv jarayoni hamda yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.04.2025
- Ko'rishlar: 313
- Chop etish