Qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni tezkor tekshirish mexanizmi joriy etiladi

Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarini tekshirish va ularning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish rejalashtirilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha  “yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarini samarali tekshirish, jinoyatchilarning jazosiz qolishini kamaytirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilishning yangi mexanizmini yaratish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish ko‘zda tutilmoqda.

Ilg‘or xorijiy tajriba asosida qonunchilik va huquqiy amaliyotga kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. 

“Ombudsman qutisi” orqali murojaat qilish tartibi hamda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni tezkor va samarali tekshirish mexanizmlari joriy etish tartibi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni samarali va tezkor o‘rganish mexanizmi takomillashtiriladi.

Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi barcha toifadagi huquqbuzarlarning tegishli xalqaro standartlarga muvofiq javobgarligini ta’minlash ham rejalashtirilgan.

Odam savdosiga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyotini, odam savdosi va ekspluatatsiyaning boshqa shakllarini qamrab olgan jinoyatlarni sodir etgan mahkumlarning soni hamda odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosi, uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi qonun hujjatlariga rioya etilishi ta’minlanishini tahlil qilish mo‘ljallanmoqda.

Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish, jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha keng qamrovli o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

“Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning odam savdosidan jabrlangan shaxslarga, shu jumladan, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan bajarilishi monitoring qilinadi.

Monitoring natijalari asosida qonunchilikni va huquqiy amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi va joriy qilinadi.

Kun.uz

Powered by GSpeech