12-may kuni Buxoro viloyatidagi hududlarda yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibiga rioya qilish hamda aholining yetarli uy-joyga ega bo‘lish huquqi masalalari bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan jamoatchilik monitoringi boshlandi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Mazkur jamoatchilik monitoringidan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmonidagi tegishli vazifalar ijrosini ta’minlashdir. Bunda, shuningdek, “2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi” talabidan kelib chiqilmoqda.
Dastavval, viloyat hokimligi binosida Milliy markaz, Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Buxoro viloyat hokimligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti xodimlaridan iborat ishchi guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ishchi guruh tomonidan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun ijrosi va fuqarolarga to‘lab berilgan kompensatsiyalarga oid tegishli hujjatlar o‘rganildi. Shuningdek, fuqarolarni majburiy ko‘chirishdan himoyalash va ularning munosib uy-joyga ega bo‘lish huquqini ta’minlash holatini o‘rganish maqsadida hududlarda monitoring ishlari olib borildi.
Xususan, ishchi guruh a’zolari Kogon tumani hokimligida bo‘ldi. Tuman hokimi O.Qozoqov hududdagi yer uchastkalari kompensatsiya evaziga jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan uy-joylar haqida ma’lumot berdi.
Kogon tumanining Bahovuddin Naqshbandiy ziyoratgohi yaqinidagi yer uchastkalari kompensatsiya evaziga jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan uy-joylar o‘sha yerning o‘zida o‘rganildi. Fuqarolarga kompensatsiya evaziga berilgan turar-joylar ko‘zdan kechirildi.
Bu yerda, shuningdek, uy-joy egalari bilan suhbatlashildi. Ularga mol-mulk va munosib turar-joyga ega bo‘lish haqidagi huquqlari tushuntirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.05.2025
- Ko'rishlar: 113
- Chop etish