Aholining xususiy mulk va turar-joy daxlsizligi bo‘yicha xabardorligi qanday?

13-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Buxoro viloyat hokimligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti xodimlaridan iborat Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatidagi monitoring faoliyati davom ettirildi.

Mamlakatimizda insonning munosib uy-joyga ega bo‘lish huquqi uning boshqa iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish orqali to‘liq ta’minlangan hisoblanadi.

Shu nuqtayi nazardan, ishchi guruh viloyatning Buxoro tumani va Buxoro shahrida yangi qurilgan massivlarga ko‘chib o‘tgan fuqarolarning ta’lim olish, dam olish va tibbiy xizmatdan foydalanish huquqlari bilan ta’minlanish holatini o‘rganish maqsadida aholi turar-joylari va mahallalarni ko‘zdan kechirdi.

Ishchi guruh  a’zolari Buxoro tuman “Losha” MFY, Udurg‘i qishlog‘i hududidagi yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish rejalashtirilayotgan R.Sh. xonadonida bo‘ldi. Ushbu fuqaroga munosib uy-joyga ega bo‘lishga doir huquqlari tushuntirildi.

Shundan so‘ng, Buxoro shahar Bahovuddin Naqshbandiy MFY hududiga qarashli Amir Temur ko‘chasida joylashgan turar-joylar monitoringdan o‘tkazildi. Bu yerda yer uchastkalari kompensatsiya evaziga jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan va yangi aholi yashash joylariga ko‘chib o‘tgan fuqarolarning yashash sharoitlari o‘rganildi.

Monitoring davomida aholining xususiy mulk va turar-joy daxlsizligi hamda munosib uy-joyga ega bo‘lish huquqi bo‘yicha xabardorligini oshirish yuzasidan joyning o‘zida tushuntirishlar berildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech