Keyingi davrda 15-may – Xalqaro oila kuni har yili mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanadigan bo‘ldi. Bunda Prezidentimizning 2018-yil 27-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xalqaro oila kuni inson huquqlarining asosiy tayanchi bo‘lmish oilani ulug‘laydi. Mustahkam va sog‘lom oila har bir insonning qadr-qimmati, erkinligi va farovon hayoti kafolatidir. Oilada muhabbat, o‘zaro hurmat va teng huquqlar ustuvor bo‘lsa, jamiyatda ham adolat va barqarorlik qaror topadi.
14-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Buxoro shahridagi 17 va 43-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida huquqiy ma’rifat darslari o‘tkazildi. Ma’rifiy tadbirlar ayni shu xalqaro sanaga bag‘ishlandi.
Maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari qatnashgan huquqiy ma’rifat darslari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari N.Aslonov hamda N.Sultonov tomonidan o‘tkazildi.
Milliy markaz xodimlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida oila instituti jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida tan olinganiga e’tiborni qaratdilar. Oila davlat tomonidan ijtimoiy, huquqiy va iqtisodiy jihatdan muhofaza qilinishi kafolatlangani alohida qayd etildi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz va BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida belgilangan bolalarning huquqlari, jumladan, sog‘liq, ta’lim, xavfsizlik, zo‘ravonlikdan himoya va tenglik huquqlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ikkita maktab kutubxonalarining har biriga 25 tadan huquqiy va badiiy adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.05.2025
- Ko'rishlar: 275
- Chop etish