21-may kuni Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida "Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining namunaviy qonun ijodkorligi istiqbollari: muloqot va yechimlar" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Anjuman XIII Peterburg xalqaro yuridik forumi doirasida tashkil etildi.
Tadbir MDH Parlamentlararo Assambleyasini tashkil etish to‘g‘risidagi konvensiya imzolanganining 30-yilligiga bag‘ishlandi. Unda MDH mamlakatlari qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati namoyandalari, yuridik soha mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspert-tahlilchilar ishtirok etdi.
Davra suhbatiga Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudining iste’fodagi sudyasi, MDH Parlamentlararo Assambleyasining Huquqiy masalalar bo‘yicha doimiy komissiyasi huzuridagi Ekspert kengashi a’zosi Vladimir Yaroslavsev moderatorlik qildi.
MDH Parlamentlararo Assambleyasining Bosh kotibi – Parlamentlararo Assambleya Kengashi kotibiyati rahbari Dmitriy Kobitskiy ishtirokchilarga murojaatida namunaviy qonunchilik tavsiyaviy mazmunga ega ekanligini qayd etdi. Bu qonunchilik hujjatlari MDH mamlakatlari suverenitetini cheklamasligiga e’tiborni qaratdi.
Davra suhbatining birinchi sessiyasi "Milliy qonunchilikni rivojlantirishda namunaviy qonun ijodkorligi vazifalari" mavzusiga bag‘ishlandi. Ikkinchi sessiyada ishtirokchilar MDH Parlamentlararo Assambleyasining namunaviy (model) qonunchilik hujjatlariga Hamdo‘stlik makonida bo‘lgan talab haqida gapirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov davra suhbatidagi nutqining boshida O‘zbekiston parlamenti MDH Parlamentlararo Assambleyasining qonun ijodkorligi faoliyatini e’tirof etayotganini, davra suhbatining mavzusi g‘oyat muhim va dolzarbligini ta’kidladi. Binobarin, "Model, ya’ni namunaviy hujjatlar intellektual va ilmiy jihatdan, amaliy tomondan ham umumiy boyligimizdir. Bu hujjatlar MDH davlatlari barcha milliy parlamentlarining boyligi hisoblanadi".
Bugungi kunda har bir mamlakat o‘ziga xos milliy xususiyatlarga ega bo‘lsa-da, model hujjatlar faol qo‘llanilmoqda va yangi qonunlar uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Akmal Saidov ana shu namunaviy hujjatlarni milliy qonunchilikka uyg‘unlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida MDHga a’zo barcha mamlakatlar uchun ustuvor ahamiyat kasb etadigan eng asosiylarini ajratib olish muhim, degan taklifni bildirdi.
Davra suhbati yakunida ushbu qamrovdor muloqot namunaviy qonun ijodkorligi tajribasini har tomonlama tahlil qilish, shuningdek, mintaqada huquqiy integratsiyani yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflarni muhokama qilish uchun qulay maydon bo‘lgani e’tirof etildi. MDH Parlamentlararo Assambleyasi mintaqa mamlakatlarini birlashtirish uchun asosiy platformalardan biri bo‘lib qolayotgani ham ta’kidlandi.
Ma’ruzachilarning chiqishlari qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ishtirokchilar muhokama qilingan masalalar yuzasidan turli nuqtayi nazarlar, dalillar va fikr-mulohazalarni o‘rtaga tashladilar.
Davra suhbati tashkilotchilari qayd etganidek, ushbu muloqotlar asnosidagi barcha taklif va xulosalar MDH mamlakatlarida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda barqaror huquqiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi sa’y-harakatlar uchun asos bo‘ladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.05.2025
- Ko'rishlar: 654
- Chop etish