19-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Huquqni muhofaza qilish faoliyatida fan va ta’limning dolzarb masalalari” mavzusida sho‘ba majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjuman “Raqamli transformatsiya davrida huquqni muhofaza qilish sohasidagi zamonaviy chaqiriq va tahdidlar” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida tashkil etildi.
Sessiya ishida 10 dan ziyod mamlakatdan taniqli huquqshunos olimlar, jumladan, Turkiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlarining huquqni muhofaza qilish faoliyati va sud-tergov amaliyoti sohalarida fan va ta’lim jarayonlariga ixtisoslashgan 50 ga yaqin xorijiy mutaxassis ishtirok etdi.
Muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar vakillari hamda yurtimizning yetakchi olimlari qatnashdi. Ayniqsa, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari, doktorant va izlanuvchilari alohida faollik ko‘rsatdi.
Sessiyaning ahamiyati dastlabki amaliy natijalar misolida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Birinchidan, tadbir davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ikkinchidan, ushbu sessiya materiallari asosida maxsus konferensiya materiallari to‘plamini tayyorlashga kirishildi.
Uchinchidan, ishtirokchilar orasida o‘rnatilgan xalqaro aloqalar kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalarga asos bo‘lishi kutilmoqda.
Sho‘ba majlisida huquqni muhofaza qilish faoliyatida ta’lim va ilm-fanning o‘rnini chuqur tahlil qilish hamda kadrlar tayyorlash sifatini oshirishning innovatsion yo‘llarini muhokama etish alohida diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, raqamli transformatsiya davrida vujudga kelayotgan yangi tahdidlar va imkoniyatlarga munosib yechimlar ishlab chiqishga katta e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilarning yakuniy xulosasiga ko‘ra, mazkur parallel sessiya huquqni muhofaza qilish sohasidagi ta’lim va fanning joriy holatini baholash imkonini berdi. Yanada muhimi, ushbu sohaning kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.06.2025
- Ko'rishlar: 125
- Chop etish