Bugun – “Avtomobilsiz kun”

25-iyunda navbatdagi “Avtomobilsiz kun” tadbiri o‘tkazilmoqda. Ma’lumki, “Avtomobilsiz kun“ aksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi Farmoniga muvofiq, har oyning to‘rtinchi chorshanba kuni o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborotida qayd etilganidek, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, atrof-muhitning ifloslanishini kamaytirish hamda yirik shaharlarda avtomobil harakati tirbandligini kamaytirish maqsadida chorshanba, 25-iyun kuni Toshkent, Nukus shaharlari va mamlakatimizning barcha hududlari markazlarida navbatdagi “Avtomobilsiz kun“ aksiyasi bo‘lib o‘tadi.

Bugun an’anaviy tarzda davlat tashkilotlari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, barcha fuqarolarga shaxsiy avtomashinalardan voz kechib, jamoat transportida harakatlanish, piyoda yurish, velosipedlar va boshqa ekologik toza harakat vositalaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Bu kabi tashabbuslar atmosferaga zararli tashlanmalarni va shaharda shovqinni kamaytirishga, shuningdek, atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga yordam beradi. Shunday ekan, “Avtomobilsiz kun“ aksiyasida ishtirok etish orqali har birimiz o‘zimiz nafas olayotgan havo tozaligiga hissa qo‘shamiz.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech