O‘zbekiston vakili IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga saylandi

Turkiyaning Istanbul shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

"Islom hamkorlik tashkiloti dunyo  o‘zgarishi sharoitida" shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda IHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, IHT rahbariyati va tuzilmalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.  

Sammit davomida IHT kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi, Istanbul deklaratsiyasi qabul qilindi.  

Sessiyaning asosiy natijalaridan biri, 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining to‘qqiz nafar yangi a’zosi saylovi o‘tkazilganidir.  

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston vakili – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, professor Mirzatillo Tillaboyev uch yil muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga a’zo etib saylandi.  

Ushbu voqea O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro diplomatiyada egallagan mavqei tobora o‘sib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Mamlakatimizning ko‘p tomonlama hamkorlik, islomiy birdamlik va asosiy erkinliklarni himoya qilish prinsiplariga sodiqligini namoyish etadi.  

Bundan tashqari, bu natija O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro institutlar bilan o‘zaro hamkorligidagi muhim bosqich bo‘lib, IHTga a’zo davlatlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi.  

Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiya IHTning inson huquqlari sohasidagi asosiy ekspert organi hisoblanadi. Ushbu komissiya 2011 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uch yil muddatga saylanadigan 18 a’zodan iborat.  

Komissiya IHTga keng ko‘lamli masalalar, jumladan, fuqarolik va siyosiy huquqlar, ijtimoiy adolat, ozchilik huquqlarini himoya qilish, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik muammolari bo‘yicha maslahatlar beradi.  

IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasi qarorida Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Bu o‘rinda, jumladan, Falastin xalqi huquqlarini himoya qilish, islomofobiyaga qarshi kurashish, ayollar va bolalar huquqlarini ilgari surish, diniy bag‘rikenglikni ta’minlash va dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga insonparvarlik bilan munosabatda bo‘lish masalalari haqida so‘z bormoqda.  

Sessiya qarorida aks etgan muhim voqealar qatorida 2024 yil iyun oyida O‘zbekiston tomonidan tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi ham alohida qayd etilgan. Forum misolida mamlakatimiz inson huquqlari bo‘yicha global muloqotni rivojlantirishga munosib hissasini qo‘shganligi ta’kidlangan.  

O‘zbekistonning a’zoligi IHT komissiyasi faoliyatiga Markaziy Osiyo mintaqasi tomonidan ham munosib hissa qo‘shilishi imkonini beradi. Bu voqelik, shuningdek, IHTga a’zo davlatlar bilan qonunchilikni takomillashtirish, institutsional rivojlanish, inson huquqlariga asoslangan boshqaruv va ta’lim kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.  

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech